Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti 1918 yil 16 noyabrda Nijniy Novgorod shahrida piyoda qo‘shinlari uchun komandirlar tayyorlash kurslari shaklida tashkil etilgan.
Bilim yurtiga 1966 yilda oliy o‘quv yurti maqomi berilib, o‘qish muddati 4 yil etib belgilandi. Uning birinchi bitiruvchilari 1970 yilda ofitserlik hayotiga yo‘llanma olgan. 1993 yilda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti nomi berilgani natijasida u profilli oliy harbiy ta’lim muassasasiga aylantirildi. Mustaqillik yillarida Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar tufayli hozirgi kunga qadar mazkur muassasadan 10 nafardan ortiq generallar, mudofaa vazirlari, harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari va qo‘shilma komandirlari yetishib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Mudofaa vazirligi rahbariyatining qo‘llovi natijasida bilim yurtida zamon talablariga mos ko‘p qavatli o‘quv binosi, 400 o‘ringa mo‘ljallangan kursantlar yotoqxonasi yangidan qurib bitkazildi, qolgan inshootlar kapital ta’mirlandi. Bundan tashqari, o‘quv jarayonida kursantlar foydalanishi uchun zamonaviy o‘quv trenajyorlari o‘rnatildi, harbiy texnika, qurol-aslahalar hamda moddiy baza bilan ta’minlandi.
Ta’lim muassasasida malaka oshirish fakulteti mavjud. Taktika, quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa taktikasi, texnik ta’minot, jangovar ta’minot, jismoniy tayyorgarlik va sport, artilleriya, qo‘shinlar kundalik faoliyati va qo‘shinlarni boshqarish, gumanitar fanlar, tabiiy-ilmiy fanlar, umumtexnika fanlari, tillar, qurollanish va otish kafedralarida 200 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar qo‘shinlar taktik qo‘mondonligi hamda qo‘shinlarning taktik qo‘mondon-muhandisligi (qo‘shin turlari bo‘yicha)bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kursantlariga saboq berib kelmoqda.
Qo‘shinlar taktik qo‘mondonligi yo‘nalishi 4 yillik o‘quv rejasidan iborat bo‘lib, tank qo‘shinlari, artilleriya, maxsus operatsiya kuchlari, havo-desant qo‘shinlari ixtisosliklarini o‘z ichiga olgan. Besh yil o‘qitiladigan qo‘shinlarning taktik qo‘mondon-muhandisligi yo‘nalishida avtomobil bo‘linmalari, raketa-artilleriya qurollari va o‘q-dorilari, tank qo‘shinlari (muhandis) hamda zenit-raketa qo‘shinlari mutaxassislari tayyorlanadi. Auditoriyalar soni 112 ta bo‘lib, bu o‘quv jarayonini 1 smenada olib borish uchun yetarli. Kompyuterli auditoriyalar soni 7 ta, 1 ming 400 ta o‘ringa ega 5 ta turarjoy (yotoqxona) mavjud. 1 ming 200 o‘ringa mo‘ljallangan ovqatlanish majmuasi kursantlar uchun beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2 ta yopiq sport majmuasi, 4 ta ochiq sport shaharchasida jismoniy tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bitiruvchilarning barchasida ijobiy baho
– Bilim yurtida o‘quv, uslubiy va ilmiy ishlar tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlari talablariga muvofiq tashkil etilgan, – deydi bilim yurti boshlig‘ining o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Sobirjon Abdurayimov. – Harbiy-siyosiy vaziyat tahlilidan kelib chiqib, otish tayyorgarligi fanining o‘quv dasturiga mudofaa, hujum va qo‘shinlarni maxsus harakati jangiga oid o‘qotar qurollar va jangovar texnikalardan tayyorgarlik darajasini aniqlash mashqlari kiritildi. Buning uchun dala-o‘quv maydonida yangi otish yo‘nalishlari barpo etildi. Mudofaa, hujum janglariga oid o‘qotar qurollardan otish mashqlarini bajarish takomillashtirildi. Joriy yilning sentyabr noyabr oylarida bilim yurtida tahsil olayotgan qo‘shinlarning taktik qo‘mondonligi yo‘nalishi 3-, 4-bosqich kursantlari bilan artilleriya olovini korrektirovka qilish bo‘yicha 42 soatlik va aviatsiyani yerdagi nishonlarga yo‘naltirish bo‘yicha 30 soatlik dasturlar asosida fakultativ mashg‘ulotlar tashkillashtirildi. 2021/2022-o‘quv yilidan bilim yurtida Tojikiston Respublikasi, 2023/2024-o‘quv yilidan esa Qirg‘iz Respublikasi harbiy xizmatchilarining yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishi yo‘lga qo‘yildi.
Qo‘shinlar (o‘quv, ishlab chiqarish) amaliyoti, yashovchanlik kurslari, dala chiqishlari soni va davriyligi oshirildi. Xususan, barcha yo‘nalish kursantlari bilan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘shin va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyoti 5 marotaba oshdi. Kursantlar bilan turli sharoitlarda (Yangiariq, Chimyon, Maydon, G‘azalkent) yashovchanlik kurslaridan o‘tish 2-bosqichdan boshlab va o‘qish davomida 3 marotaba tashkillashtirilmoqda. Kelgusida yashovchanlik kurslarini barcha ta’lim yo‘nalishlari bilan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Oldinlari yashovchanlik kurslari umuman tashkillashtirilmagan. 4 yillik kursantlarda 1 marotaba qo‘shin amaliyoti va 5 yillik muhandislarda 2 marotaba o‘quv-ishlab chiqarish amaliyoti o‘talgan.
Barcha bosqich kursantlari bilan dala-o‘quv maydonida yashagan holda haftalik amaliy mashg‘ulotlar tashkillashtirish yo‘lga qo‘yildi. O‘quv dasturiga «Berkut» parashyuti bilan sakrash mashqi hamda turli usullarda desantlashtirish bo‘yicha 32 soatlik mashg‘ulot kiritildi. Qo‘shinlar taktik qo‘mondonligi yo‘nalishi artilleriya ixtisosligi kursantlari bilan «Kattaqo‘rg‘on» poligonida 1 oylik dala chiqishi kutilgan samarasini beryapti. Uzoq masofaga (40-60 km) piyoda yurish bilan majmuaviy taktik mashg‘ulotlar 2-bosqichdan boshlab o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi, oldingi dasturlarda ushbu o‘quvlar faqat bitiruvchi bosqich kursantlari bilan 1 martagina o‘tkazilgan. Haftaning shanba kunlari barcha kursantlar shaxsiy tarkibi bilan 5 va 10 kilometrga kross va marsh (brosok) yugurish joriy qilindi.
Harbiy fanlar doktori, professor polkovnik Sobirjon Abdurayimovning ta’kidlashicha, bitiruvchilarning uslubiy tayyorgarligini rivojlantirish maqsadida Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismlarda jangovar tayyorgarlikning asosiy fanlaridan mashg‘ulot o‘tiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, quyi bosqich kursantlari bilan mashg‘ulotlarda bitta mavzuni yoritish uchun bitiruvchi bosqich kursantlarining o‘qituvchilar bilan dublyor sifatida mashg‘ulot o‘tishi yo‘lga qo‘yilgani ijobiy natija beryapti. 2024 yilgi bitiruvchilarimizga ilk ofitserlik xizmatini boshlagan qo‘shinlardan kelgan taqrizlarda ijobiy baholar berilgan. 2023 yil bitiruvchilarning ba’zilari ayrim mezonlar bo‘yicha hatto ikkitadan qoniqarsiz bahoga loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, 2024 yilgi taqrizlarda birorta qoniqarsiz baho olmagani quvonarlidir.
Chet tillardan yakuniy nazorat kursantlarning xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlashning xalqaro tizimiga asoslangan 4 ta ko‘nikma (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) asosida amalga oshirilishi natijasida 2024 yilning o‘zida 21 nafar kursant C1, B2 va B1 darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, soha bo‘yicha ma’lumotlarni birlamchi manbalardan olib tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida chet tillardan fakultativ mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Barcha bosqich kursantlari «Ustoz-shogird» an’anasi asosida bilim yurti rahbariyati va o‘qituvchilarga biriktirilgan. Bu bilan cheklanib qolmay, keyinchalik ularning boshlang‘ich ofitserlik xizmatidagi faoliyati o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda. Xususan, bilim yurtini 2024 yilda tamomlab, Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiya bo‘linmalari va Chirchiq garnizonida joylashgan havo-desant hamda artilleriya qo‘shinlarida harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh leytenantlar bilan 2024 yilning 27 sentyabr kuni «Yosh leytenantning kursant ukasiga aytadigan gapi bor» mavzusida davra suhbati, ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, o‘tgan yili bilim yurtini bitirgan yosh ofitserlar bilan «leytenantlar slyoti» o‘tkaziladi. Bilim yurtining doimiy ravishda takomillashtirib kelinayotgan o‘quv-moddiy bazasi, jumladan, tank direktrisasi, trenajyorlari boshqa kuch tuzilmalariga ham xizmat qilmoqda.
2024 yilda bilim yurti malaka oshirish fakultetining 13 ta o‘quv kursida 500 nafardan ortiq harbiy xizmatchi tahsil oldi. «Zirhli tank texnik xizmati ofitserlari», «Avtomobil xizmati ofitserlari», «Saf bo‘limi xizmati ofitserlari», «Havo-desant xizmati ofitserlari», «Kadr organi ofitserlari», «Artilleriya mutaxassis-ofitserlari», «Taktik boshqaruv bo‘g‘inidagi ofitserlar», «Qo‘shinlar xizmati soha mutaxassis-ofitserlari», «Aerorazvedka mutaxassislarini tayyorlash», «Bosh serjantlarni qayta tayyorlash», oliy ma’lumotli serjantlar bilan «Ofitserlarini tayyorlash kursi» hamda «Vzvod (batareya) yo‘riqchi serjantlari» o‘quv kurslari shular jumlasidan.
Uslubiy ishlar rejasiga muvofiq, 2024 yil fevral va sentyabr oylarida komandirlik tayyorgarligi tizimi asosida professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan o‘quv-uslubiy yig‘inlar o‘tkazildi. Ustoz-murabbiylarning kasbiy bilim va pedagogik kompetentligini baholab borish va ularning o‘z ustida ishlashini ta’minlash maqsadida har oyda test sinovlarini qabul qilish amaliyoti joriy qilindi.
2024 yilda 11 nafar yosh o‘qituvchi kafedralarning malakali o‘qituvchilariga biriktirilib, qisqa muddat ichida ular bilan sinov mashg‘ulotlari tashkil etildi va mashg‘ulotlar o‘tkazishga ruxsat berildi. Pedagog kadrlarning malakasini oshirish rejasi to‘liq bajarildi. Darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanma materiallarini ishlab chiqish sezilarli darajada oshdi. O‘tgan yili 133 ta o‘quv adabiyoti tayyorlangan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 169 taga yetdi.
Professor-o‘qituvchilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2023/2024-o‘quv yili yakuni bo‘yicha har bir pedagogning mahorati tegishli komissiya tomonidan o‘rganilib, baholandi. Natijada murabbiylar tarkibining xizmat majburiyatlariga mas’uliyati oshishiga erishildi. Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyining o‘quv dasturlari hamkorlikda ishlab chiqildi va bilim yurtining ilmiy-uslubiy kengashida ko‘rib chiqilib, mazkur litseyning ta’lim jarayoniga tatbiq qilindi. Litseyda bilim yurtining o‘quv-tarbiyaviy jarayonini targ‘ibot qiluvchi sinf yaratildi. Bilim yurtini kamida magistr diplomiga ega harbiy o‘qituvchilar bilan butlashga erishildi.
Ilmiy salohiyat yuksalyapti
Bilim yurtida 2024 yilda ilmiy ishlar va innovatsion faoliyat yo‘nalishida 4 ta xalqaro va 50 ta respublika miqyosidagi anjumanlar, ilmiy seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilgan mustaqil izlanuvchilar soni 61 nafarni tashkil qiladi. Bilim yurtida oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ochilmagan bo‘lsada, oxirgi ikki yilda 5 nafar o‘qituvchi dissertatsiya himoya qilib, pedagogika, fizika-matematika va texnika fanlari bo‘yicha falsafa hamda fan doktori ilmiy darajalarini oldi. Bu yo‘nalishda 2025 yilda 12 kishi tadqiqot ishini himoya qilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda bilim yurtida 93 (2023 yili 61) nafar professor-o‘qituvchi ilmiy unvon va ilmiy darajaga ega.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi kapitan Zayniddin Odashevning qayd etishicha, bilim yurtidagi yosh olimlar kengashi negizida 2024 yilda «Yosh olimlar innovatsion sinfi» barpo etildi. Natijada innovatsion, startap va amaliy loyihalar soni keskin oshib, taqdim etilgan 13 ta innovatsion loyihadan 9 tasi Innovatsion rivojlanish agentligi texnik ekspertizasi tomonidan navbatdagi bosqichga o‘tkazildi. 2023 yilda 5 ta loyiha o‘z vaqtida bajarilgan.
Bilim yurtida 2022/2023-o‘quv yilida o‘quv-moddiy bazani rivojlantirishga oid 45 ta, 2023/24-o‘quv yilida 52 ta ratsionalizatorlik va ixtirochilik ishlari bajarilgan. Uchuvchisiz uchish apparatlarini uzoq masofadan elektromagnit impuls yordamida qo‘lga olish moslamasini ishlab chiqish, jangovar bo‘linmalar uchun harbiy xizmatchini jangovar qobiliyatini oshirishda, jarohatlanishdan saqlashda yengil qulay himoya nimchalarini yaratish, havo-desant tayyorgarligi trenajyorini yaratish, harbiy avtomobillar tirsakli vallarini ta’mirlashning innovatsion usuli va mobil dastgohini ishlab chiqish, Gologramma yordamida bo‘lajak ofitserlarni psixologik maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazuvchi 7D gologramma simulyatorli amaliy trenajorini ishlab chiqish, jangovar vaziyatlarda zararlangan hududlarda razvedka ishlarini olib boruvchi yo‘l tanlamas «jangovar mashina» yaratish, Tank zenit pulemyotidan o‘rnatma stvol maqsadida foydalanish uchun moslama loyihasi, T-72 tank dvigatelini turli usullar bilan o‘t oldiruvchi kompyuter simulyatorini ishlab chiqarish va o‘quv jarayoniga joriy etish, tank zenit pulemyotidan o‘rnatma stvol maqsadida foydalanish uchun moslama loyihasi shular jumlasidan. Ilmiy salohiyatni oshirish va tajriba almashish maqsadida bugungi kunda respublikamizdagi 42 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan.
Xalqaro yutuqlar – faxrli natijalar
Bilim yurti kursantlari xalqaro musobaqalarda munosib qatnashmoqda. Xususan, 2024 yilning 6-12 oktyabr kunlari bilim yurti va Pokiston Islom Respublikasi harbiy akademiyasi kursantlari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan xalqaro kross yugurish musobaqasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning kursantlari o‘rtasida harbiy-kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha may oyida o‘tkazilgan VIII xalqaro olimpiadada bilim yurti jamoasi (Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Qurolli Kuchlar akademiyasi) І o‘ringa sazovor bo‘ldi.
2024 yilning 3-15-oktyabr kunlari qo‘shinlarda «Men g‘olib» shiori ostida o‘tkazilgan musobaqalarning «Eng ilg‘or tankchilar guruhi» yo‘nalishida 1-o‘rin, «Eng ilg‘or ta’mirlash guruhi»da 2-o‘rinni egalladi. «Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi», «Eng ilg‘or desantchilar guruhi», «Eng ilg‘or zenit guruhi»da esa kuchli uchlikdan joy oldi. Respublika oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika va chet tili fanlaridan olimpiadalarda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bitiruvchi bosqich kursantlari bilan Qurolli Kuchlar modellashtirish va simulyatsiya bo‘yicha tadqiqotlar dala-o‘quv markazida ikki tomonlama (Qurolli Kuchlar akademiyasi bilan) uch bosqichli qo‘mondonlik-shtab kompyuter o‘quvlari o‘tkazilmoqda. Joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan o‘quvda bilim yurti jamoasi g‘olib bo‘lib, ko‘chma kubokni qo‘lga kiritdi. Dekabr oyida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida kechgan «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovining Mudofaa vazirligi bosqichida bilim yurtining «Quvnoq tankchilar» jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Yosh olimlar tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi ko‘magida 2024 yilda respublikamizdagi 35 ta innovatsion tanlov va ko‘rgazmalarda sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritildi. Bilim yurtida 24 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda 2024 yilda «Artilleriya olovining korrektirovkachisi» va «Uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqaruvchi yosh operator» yangi to‘garagi ochildi. Bugungi kunda 450 nafar kursant jalb qilingan mazkur to‘garaklar haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari soat 15.00 dan 17.00 gacha faoliyat yuritadi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining bir kunlik faoliyati bilan yaqindan tanishib qaytar ekanmiz, o‘quv maskanida harbiy soha uchun har tomonlama yetuk, yuqori malakali ofitserlar, shonli tankchilar tayyorlanayotganiga amin bo‘ldik. Bilimga chanqoq, tirishqoq bitiruvchi kursantlarning qo‘shinlardagi xizmati munosib baholanayotgani ushbu sa’y-harakatlarning samarasi, fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar» muxbiri.
O‘zA