Harbiy sportchilar bellashuvi
Toshkent shahrida sportning harbiy-amaliy va Olimpiya turlari bo‘yicha VI Umumarmiya o‘yinlari boshlandi.
Toshkent shahrida sportning harbiy-amaliy va Olimpiya turlari bo‘yicha VI Umumarmiya o‘yinlari boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarining sport majmualarida tashkil etilgan musobaqalar 6-mayga qadar davom etadi.
Harbiy okruglar, birlashmalar va oliy harbiy o‘quv muassasalaridan 11 jamoa sportning ko‘pkurash, harbiy va ofitserlar uchkurashi, o‘q otish, tosh ko‘tarish, badminton, regbi, boks va boshqa turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi.
Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, sportchilar va yoshlar ishtirok etdi.
...Stadionga musobaqa qatnashchilari kirib keladi. Davlatimiz madhiyasi yangrab, mamlakatimiz bayrog‘i va Umumarmiya o‘yinlari bayrog‘i ko‘tariladi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Q.Berdiyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni, jumladan, harbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 2004-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Umumarmiya o‘yinlari harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va sport mahoratini oshirish, ularda sog‘lom turmush tarziga rioya etishni va vatanparvarlik tuyg‘usini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi umumjamoa hisobida amaldagi kubok sohibi va musobaqalarning ikki karra g‘olibi hisoblanadi. Musobaqalarda uch marta – 2004, 2006 va 2008-yillarda g‘olib bo‘lgan Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti ham o‘z yutuqlari bilan faxrlansa arziydi. O‘zaro kuch sinashish harbiylarning shaxsiy rekordlarini yangilashga ham undaydi.
Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti sportchilarining ko‘rgazmali chiqishlari, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda yurtimiz estrada ijrochilari ishtirokidagi katta konsert marosimga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.