Harbiy qismda uch avlod uchrashdi
Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugining Xayrobod garnizonidagi harbiy qismlarning birida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” hamda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Termiz harbiy prokuraturasi va Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Denov tumanidagi o‘ndan ortiq umumta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlari, faxriylar, nuroniylar ishtirok etdi.

“Ochiq eshiklar kuni” mehmonlarning jangovar texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan tanishuvidan boshlandi. Ularga harbiy mutaxassislar milliy armiyamizning jangovar qudrati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va harbiylar hayoti, kichik dala-o‘quv maydonida yurt himoyachilarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, saf maydonida askarlarning ko‘rgazmali qo‘l jangi namoyishi, harbiy orkestrning Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Keksa, o‘rta va yosh avlod uchrashuvida Qurolli Kuchlar faxriylari o‘zlarining xizmat davrida ko‘rgan-kechirganlari haqida hikoya qilib, hozirgi Vatan himoyachilarining sharafli burchlarini bajarishga yaratilgan sharoitlarni qiyoslashdi. Harbiy prokuratura xodimlari so‘nggi yillarda milliy armiyamizda yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har taraflama ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor hamda imtiyozlar xususida so‘z yuritdi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Shu kuni o‘quvchilar turli sport musobaqalarida qatnashib, o‘zlarining jismonan toblanayotgani va chaqqonligini, o‘z bilim hamda kuchiga ishonch hissini sinovdan o‘tkazdi. G‘oliblar harbiy qism qo‘mondonligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Uch avlodni uchrashtirgan harbiy qismda tinchligimiz bunyodkorlarining osuda, to‘kin turmushimizni ta’minlashdagi mas’uliyatli va sharafli xizmati o‘quvchilarda boy taassurot uyg‘otdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri