Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida sportning Kurash turi bo‘yicha “Harbiy prokuror kubogi” musobaqasining Sirdaryo viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqada viloyatdagi turli harbiy qismlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan 50 nafardan ziyod kurashchi ishtirok etdi. Erkaklar o‘rtasida 73 kg, 81 kg, 90 kg va +90 kg, ayollar o‘rtasida esa 63 kg vazn toifalarida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Har bir toifadagi bahslar qizg‘in va murosasiz tarzda kechdi.
– Bunday sport musobaqalari harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviylik va irodani charxlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Guliston harbiy prokurori Farrux Jumayev. – Ularning kurash maydonidagi mahoratlari Vatanga sadoqat va kuch-g‘ayrat timsolidir.
G‘olib va sovrindorlarga medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan kurashchilar musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
[gallery-24062]
Sirdaryo viloyatining Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xizmatchisi Sabrina Radjabova esa 63 kg vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni egalladi. Uning yuksak mahorat va irodasi tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Musobaqa ishtirokchilari kurash orqali nafaqat jismoniy, balki ma’naviy ruhiy kuch-g‘ayratni namoyon etdilar.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari