Harbiy oilalar bekalari o‘zaro bahslashdi
Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Xayrabod va Kakaydi garnizonlaridagi harbiy qismlarda “Men namunali harbiy oila bekasiman!” shiori ostida “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar oilalari ishtirok etgan tadbirlarda so‘nggi yillarda harbiylar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Vatanimiz posbonlari uy bekalari sabr va qanoat malikalari sifatida e’tirof etilib, tinchligimiz qo‘riqchilari yurtimizning qaysi go‘shasida xizmatda bo‘lmasin, ularning umr yo‘ldoshi hamisha yelkadosh, sinovli kunlarida suyanchiq ekani xususida so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar “Men namunali harbiy oila bekasiman”, “Ignadan ip o‘tmasa”, “Bahru bayt” hamda “Biz To‘maris izdoshlarimiz” shartlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Nufuzli hayat a’zolari to‘rtta shart bo‘yicha bekalarning har bir chiqishini odilona baholadi.
Qiziqarli bahslarga boy bo‘lgan tanlov g‘oliblari va ishtirokchilar garnizonlar boshliqlarining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Surxondaryo viloyatidagi boshqa garnizonlar harbiy qismlarida ham xuddi shunday ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri