Har qanday islohotning qiymati qog‘ozdagi raqamlarda emas, odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda aks etishi lozim
Mamlakatimizdagi islohotlar inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan. Jumladan, ularning asosini davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, "Inson qadri uchun" degan tamoyil tashkil etmoqda.
Bularning eng muhim natijasi davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabat mazmuni o‘zgarganida ko‘rinadi. Bugungi kunga kelib, davlat organining o‘zi muammoni aniqlashi, ma’lumotni idoralararo tizimdan olishi va xizmatni qulay shaklda taqdim etishi kerak, degan yondashuv mustahkamlanmoqda. Bu oddiy tashkiliy o‘zgarish emas, balki davlat boshqaruvining maqsadi va mas’uliyatini qayta belgilayotgan islohotdir.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimi mazkur o‘zgarishning muhim mexanizmlaridan biri bo‘ldi. Prezidentning Virtual qabulxonasi hamda respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaat qilish huquqini amaliy mazmun bilan boyitdi. Ayni paytda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi ham zamonaviy talablar asosida takomillashtirilmoqda.
Murojaatlar bilan ishlashning tahliliy ahamiyati shundaki, har bir ariza faqat bitta shaxsning xususiy muammosi sifatida emas, balki muayyan sohadagi tizimli kamchilik haqidagi ma’lumot sifatida ko‘riladi. Endilikda ushbu mexanizm yanada kuchaytirildi. Ko‘rib chiqish muddati o‘tgan murojaatni avtomatik ravishda yuqori turuvchi organga o‘tkazish, murojaatlarni “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratish, shuningdek, davlat organlari rahbarlarining bu boradagi hisobotlarini parlament va mahalliy kengashlarda muntazam eshitish tartibi joriy etildi.
Natijada murojaatlar bilan ishlash faqat xatga javob berish jarayonidan boshqaruv qarorlarini shakllantiradigan doimiy tahlil manbaiga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘lami 10 baravar oshdi. Ularning 80 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, 2025-yilning o‘zida tadbirkorlik faoliyatiga oid 2 mingdan ortiq majburiy talab bekor qilindi.
Bu raqamlarning asosiy mazmuni xizmatlar sonining ko‘payishi bilangina cheklanmaydi. Idoralararo ma’lumot almashinuvining kuchayishi fuqarodan boshqa davlat organida mavjud ma’lumotnoma yoki hujjatni qayta talab qilish amaliyotini qisqartirmoqda. Proaktiv xizmat esa fuqaro ariza bergandan keyin emas, tegishli hayotiy holat yuzaga kelgan paytda davlatning o‘zi xizmatni taklif etishini anglatadi. Demak, raqamlashtirishning chuqur mazmuni mavjud byurokratik tartibni elektron shaklga ko‘chirish emas, balki uni qayta ko‘rib chiqish va ortiqcha bosqichlarni bekor qilishdan iborat.
Ochiqlik va jamoatchilik nazorati sohasida ham yangi huquqiy mexanizmlar shakllandi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi, davlat organlari ochiq ma’lumotlarining kengaytirilishi, “Ochiq byudjet” orqali aholining mahalliy loyihalarni tanlashda ishtirok etishi boshqaruv qarorlarining ijtimoiy asoslanganligini oshirdi. «E-qaror» tizimi orqali mahalliy davlat hokimiyati organlari qabul qilgan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish, ro‘yxatga olish va e’lon qilish yagona elektron jarayonga o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqbuzarliklarning oqibatini bartaraf etish bilan birga, ularning oldini olishga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, davlat organlarida ichki nazorat tuzilmalari yo‘lga qo‘yildi, korrupsiyaviy xavflarni baholash hamda davlat xaridlari va byudjet ma’lumotlarini ochiq e’lon qilish tizimi joriy qilindi.
Qonun ustuvorligini ta’minlashda 2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya tub burilish yasadi. Unda O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani belgilandi, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi mustahkamlandi.
Sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar esa konstitutsiyaviy kafolatlarni himoya qiladigan institutlarni kuchaytirdi. Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirildi, ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘zgarishlar sud tizimida ixtisoslashuvni kuchaytirish va fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qildi.
Ayniqsa, ma’muriy sudlarning tashkil etilishi fuqaro va tadbirkorga davlat organining noqonuniy qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan mustaqil sudga murojaat qilish imkonini berdi.
Bu institutning amaliy natijasi aniq raqamlarda ham ko‘rinadi. 2025-yilda ma’muriy sudlar 17 714 ta ommaviy-huquqiy nizoni ko‘rib chiqib, 6 999 ta fuqaro va yuridik shaxsning huquqlarini tikladi. Ma’muriy organlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qarorlari ustidan berilgan 8 646 ta ariza va shikoyat ko‘rib chiqilib, 3 730 ta qaror haqiqiy emas deb topildi.
Jinoyat protsessida tergov sudyasi institutining joriy etilishi ham inson huquqlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘ldi. Endi qamoqqa olish, uy qamog‘i, tintuv o‘tkazish, mol-mulkni xatlash, telefon so‘zlashuvlarini eshitish kabi shaxsning konstitutsiyaviy huquqlariga bevosita ta’sir qiluvchi qator protsessual choralar ustidan alohida sudya nazorat olib boradi. Shu tariqa sud nazorati huquq buzilganidan keyin uni tiklash bilangina cheklanmay, sudga qadar bosqichdayoq asossiz cheklovning oldini olishga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilangan maqsadlari islohotlarning navbatdagi bosqichini aniq ko‘rsatkichlar bilan belgilab berdi. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish, kamida 400 ta kompozit va proaktiv xizmatni joriy etish hamda 500 ga yaqin tartib-taomilni soddalashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 110 dan ortiq hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilinadi va davlat xizmatlarining 20 foizi xususiy sektorga o‘tkaziladi. Boshqaruvni aholiga yaqinlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklar faoliyati “byurokratiya nol” tamoyili asosida tashkil etiladi hamda respublika darajasidagi 250 ta funksiya va vakolatlar bosqichma-bosqich mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga beriladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – inson huquqlarini ta’minlash, davlat idoralari mas’uliyatini oshirish va xalqqa qulaylik yaratishdir. Jarayondagi bosh mezon qabul qilingan hujjatlar soni emas, balki ularning amaldagi ijrosi, tizimning ochiqligi hamda fuqarolar muammolarining qay darajada hal etilayotganidir. Binobarin, har qanday islohotning asl qiymati qog‘ozdagi raqamlarda emas, odamlar hayotidagi real va ijobiy o‘zgarishlarda aks etishi lozim.
Inobat HAKIMOVA,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
bosh mutaxassisi.
O‘zA