Har narsaga yetgan aqlingiz…
Moliya vaziri va Soliq qo‘mitasi raisi e’tiboriga!
Moliya vaziri va Soliq qo‘mitasi raisi e’tiboriga!
Biz avvaliga kitob o‘qimay qo‘ydik deb ko‘p va xo‘b aytdik, yozdik. Aslida ham shunday edi…
Lekin davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi e’lon qilingach, holat va munosabat tubdan o‘zgardi. Kitob mutolaa qilishni xush ko‘radiganlar bu o‘zgarishlardan, tom ma’nodagi uyg‘onishdan suyundi.
O‘tgan yili davlatimiz rahbarining besh tashabbusi doirasida maktab kutubxonalariga kitob tuhfa qilish urf bo‘ldi. Bir necha oy davom etgan bu jarayonda turli bo‘g‘inlardagi rahbarlardan tortib oddiy fuqarolar ham o‘zlari o‘qigan maktablarga (qisman bog‘chalarga) kitoblar sovg‘a qilishdi.
Bu yaxshi, albatta. Ammo… Kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarning aytishicha, o‘sha vaqtda kitob sovg‘a qiluvchilar asosan narxga qarab ish tutishgan. Ya’ni, ko‘pchilikni kitobning mazmun-mundarijasi, saviyasi va sifati qiziqtirmagan. Ular kam summaga arzon, sifatsiz kitob¬larni ko‘proq xarid qilishni o‘ylashgan. Ularni ham ayb¬lab bo‘lmaydi. Kitobning narxi “chaqar” darajada bo‘lmasa ham, “botadigan” bo‘lgandan keyin shu-da…
Aytmoqchi bo‘lganim shuki, ehtiyoj ham narxga bog‘liq. Lekin qanday ehtiyojga qanday narx – shunisi muhim! Agar ma’naviy ehtiyoj narx-navo bilan so‘ndirilsa, buning oqibati va zararini matematikadagi to‘rtta amal (+, -, x, : ) bilan ham hisob¬lab bo‘lmaydi.
Shu kunlarda internet yana “portladi”, ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusi – Kitob! Ziyoli qatlam kitobga tegishli “yangilik” haqida “kuyib-pishib” yozyapti.
Hammani “xursand” qilgan “xushxabar” shuki, endi matbaa, nashriyot va kitob savdosi xizmatlari uchun 15% miqdorida qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) joriy etiladi. Noshirlar va tadbirkorlar shundoq ham nashr uchun kerakli bo‘lgan qog‘oz, bo‘yoq, …lar uchun QQS to‘lab kelishgan. Agar endi kitobning narxi yana kamida 15 foizga oshadigan bo‘lsa, kitob do‘koniga kiruvchi ozchilik kitobxonlarning safi yanada siyraklashib qolishi turgan gap.
Kitobning qimmatlashuvi juda ko‘p sohalarga salbiy ta’sir qiladi. Xususan, ilm-fanga, ma’naviyat va ma’rifatga…
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusidan to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan edi.
Ayting-chi, “hurmatli” “akalar”, aprel oyidan kitobga joriy etiladigan QQS Sizlarning bu siyosatga sadoqatingizmi?
O‘sha QQS yukining og‘irligi oxir-oqibat kitobxonning “cho‘ntagi”ga kelib tushadi. Bilasizmi, asli kitobxon qavmining cho‘ntagi Sizlar o‘ylaganchalik baquvvat emas…
Sizlarga yana bir savol: yuqorida qayd etilgan farmoyishda “kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish” vazifasi topshirilgan. E’tibor bering, “kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish…” deyilyapti.
Nima, kitobning narxi qo‘shimcha qiymat solig‘ini qo‘shish orqali shakllantiriladimi? Buni qanday tushunish kerak? Izohi qanaqa bo‘ladi?
Bu hali hammasi emas. Farmoyishda “…ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat, tuman markazlari va shaharlarda hamda qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qo‘llash” ham qayd etilgan.
Shu joyiga tushunmadim, soliq imtiyozlari qo‘llash deganda QQSni joriy etish, belgilash nazarda tutilganmidi?
Namanganlik Ma’ruf Mo‘minov “facebook”da shunday deb yozibdi: “Namangan kitob olami” ham qo‘l ko‘tardi. Kitob do‘konini bog‘chaga aylantirdik, rosa vaqtida qilibmiz. Kitob sohasidan umuman soliqni olib tashlash kerak. Besh yil harakat qildik, markazdan joy olib, kitob do‘konini qurish uchun. Bizda kitob ikkinchi, uchinchi darajali ekaniga imonimiz komil bo‘ldi, oxiri qo‘l ko‘tardik”.
Ijtimoiy tarmoqda ¬kuyinchaklik bilan bildirilayotgan fikr-mulohazalar, munosabat va savollar kishini o‘ylantirib qo‘yadi: Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?
Kitobni qimmatlashtirishdan kim manfaat topadi? Qancha foyda ko‘radi? Zararni, ya’ni ma’naviyatga keltiriladigan zararni ham hisoblab ko‘rgandirsizlar, balki…
Bizni kelajak avlod tushunarmikan?
Nima deysizlar?
Alijon ABDURAHMONOV,
Manba: “Ishonch” gazetasi