Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Abbos Akramov ishtirokidagi o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 41 ming 687 ta tanlov e’lon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 512 ming 359 nafar nomzod tomonidan hujjat topshirildi.
Tanlovlarda 15 ming 492 nafar nomzod davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egalladi. Tanlov g‘oliblarining 7 ming 102 nafari, ya’ni 46 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, 1 ming 100 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilingan.
Portal faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan buyon, o‘rta hisobda 1 kunda 35-40 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi ochiq tanlov orqali lavozimni egallamoqda. Shuningdek, brifingda vakant lavozimlar uchun eng ko‘p ochiq tanlov o‘tkazgan davlat organlari ma’lum qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan vakant lavozimlar uchun eng ko‘p ochiq tanlovlar tashkil etilgan. Barcha tanlovlarning test va suhbat bosqichlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan bo‘lib, jarayonlar telegram tarmog‘idagi @vacancyonline kanaliga berib borilmoqda.
Xo‘sh, vakant lavozim uchun ochiq tanlov qanday tartibda e’lon qilinadi?
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona milliy mehnat tizimi orqali ishdan bo‘shagan xodim rasmiylashtirilgandan so‘ng, ushbu lavozim vakant o‘rin sifatida avtomatik ravishda davlat organi yoki tashkilotining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalidagi kabinetida ko‘rinadi.
Tashkilotning kadrlar bo‘linmasi rahbari maxsus elektron kalit yordamida kabinetga kiradi hamda vakant lavozim uchun malaka talablari, lavozim majburiyatlari, ish sharoiti va belgilangan ish haqini qayd etadi hamda ushbu ma’lumotlarni saqlash tugmasini bosadi. Shundan so‘ng, so‘rov avtomatik ravishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga kelib tushadi, to‘g‘ri to‘ldirilgan vakant lavozim tanlov uchun e’lon qilinadi.
Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishda belgilangan qoidaga rioya etmaslik holatlari, shuningdek, tanlov komissiyasining xolis qaror qabul qilishiga ta’sir o‘tkazgan noqonuniy xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov natijasi to‘liq yoki qisman bekor qilinadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri