Har bir xotin-qiz doimiy e’tiborda
Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar masalalariga, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, hayotiy muammolarini bartaraf etish, iqtidor va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyat rivoji hamda oilalarning mustahkamlanishida xotin-qizlarning o‘rni katta. Xotin-qizlar ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-iqtisodiy xayotning barcha jabhalarida, davlat boshqaruvi va vakillik organlari, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan, madaniyat tizimlarida samarali mehnat qilmoqda.
Qoraqalpoq davlat universitetida ham 700 nafardan ziyod xotin-qizlar ishlaydi. Xotin-qizlar bilan tizimli ishlarni amlaga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 iyundagi “Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish to‘g‘risida” gi buyrug‘i asosida Qoraqalpoq davlat universitetida xotin-qizlar maslahat kengashi tuzildi.
Universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashining me’yoriy-huquqiy va tashkiliy asoslarni takomillashtirish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ta’lim muassasalarida xotin-qizlar bilan ishlash tizimi, xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha 21 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Mazkur rejada belgilangan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlar universitetning gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedralari, “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti, Murabbiylar kengashi, Birlashgan kasaba uyushmasi, Nuroniy jamg‘armasi, sport klublari, ma’naviy va badiiy-ijodiy to‘garaklar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Universitetda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin – qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, professor-o‘qituvchilar va ishchi xodimlarning oilaviy ahvolini yaxshilash hamda davolanishlari uchun moddiy yordam ko‘rsatilayotir. Talaba yoshlarni modiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetda “Universitet talabalarini mukofotlash kengashi” tashkil etilgan.
Kengash tomonidan belgilangan tartibda har o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlarni a’lo bahoga o‘zlashtirgan, iqtidorli, jamoat ishlarida faol va ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan talabalarga moddiy yordam berilmoqda. 2019/2020 o‘quv yilida 4 nafar talaba-qizlarga 21 million so‘m miqdorida, 2020/2021 o‘quv yilida 160 nafar talaba-qizga ustama stipendiya va bir martalik mukofot puli va moddiy yordam berildi.
Universitetda taxsil olayotgan 45 nafar yetim, chin yetim, nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda “temir daftar” ro‘yxatidagi talaba-qizlarga shartnoma to‘lov pullari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan to‘lab berildi. Shuningdek, “Talabalarni rag‘batlantirish” jamg‘armasi hisobidan ushbu toifadagi 56 nafar talaba-qizning har biriga 1 million jami 56 million so‘m shartnoma to‘lov pullari to‘lab berildi.
Universitetda talaba-qizlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida 69 ta to‘garak va sport seksiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni oilaga tayyorlash, kasb-hunarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash maqsadida xotin qizlar kengashi qoshida “Chevar qo‘llar”, “Milliy kashtachilik”, “Qӯl hunari”, “Oila” maslahat, “Qizlarjon va Zulfiya” , “Kitabxon qizlar”, “English clab” kabi klub va to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
To‘garaklardagi talaba-qizlar o‘rtasida “Davr qizlari”, “Milliy va zamonaviy kiyimlar”, “Madaniyatli kiyinish – odoblilik belgisi” kabi mavzularda o‘tkazilayotgan tanlovlar, “Kelin-kuyov” tok-shousi yoshlarga katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Universitet talabalar turar joyida milliy kashtachilik va tikuvchilik bilan shug‘ullanish uchun tikuv sexi tashkil etilgan. “Nafosat – 2020” milliy liboslar ko‘rgazmali festivali g‘olibi yosh tadbirkor Dilnaz Adilchayeva boshqarayotgan sexda 75 nafar talaba-qizga o‘quv kurslari va mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA