Bugungi globallashuv davrida ko‘p tillilik, ya’ni poliglotlik – inson salohiyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, bu jarayonning bolalik davridan boshlanishi nafaqat til bilish qobiliyatini, balki shaxsning intellektual, madaniy va ijtimoiy rivojlanishini ham sezilarli darajada ta’minlaydi.
Hozirgi kunda ko‘plab ota-onalar farzandlarini rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarni bog‘cha va boshlang‘ich sinfligidan o‘rgatishni xohlaydi. Bu esa poliglot bo‘lish uchun qo‘yilgan ilk qadamlardan biri deyishimiz mumkin.
Poliglot – bir necha tillarni erkin yoki yuqori darajada biladigan inson. Tilshunoslikda bu atama odatda uch yoki undan ortiq tilni biluvchi kishilarga nisbatan qo‘llanadi. Poliglotlik nafaqat lingvistik bilim, balki har bir til ortidagi madaniyat va tafakkur uslubini ham anglatadi.

Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson miyasi aynan erta yoshda til o‘rganishga biologik jihatdan moslashgan bo‘ladi. Bu davrda bola fonetik tovushlarni tezda ajratib olish, eshitganini takrorlashda yuqori darajaga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, bolalar tilda xato qilishdan cho‘chimaydi. Ular xatoni jarayonning bir qismi sifatida qabul qilib, bemalol gapirishda davom etadi. Bu esa bevosita tabiiy va tezkor o‘rganishga yo‘l ochadi.
Misol uchun, agar bola maktabgacha yoshda o‘z ona tilini shakllantirsa, bog‘chada rus tilida muloqot qilishni o‘rganib, boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘zlashtira boshlasa – bu tabiiy va samarali poliglotlik modeliga aylanishi mumkin.
O‘rganish uchun xorijiy tilni tanlash ham alohida e’tibor talab qiladi. Misol uchun, hozirgi paytda ingliz tili – global aloqa tili va dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida foydalaniladi. Internet, ilm-fan, texnologiya, biznes va ta’limning asosiy qismi ham ingliz tilida.

O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlarida rus tili hanuz keng ishlatiladi. Ta’lim, fan va texnika yo‘nalishidagi ko‘plab manbalar rus tilida. Manbalar bilan ishlash va kommunikatsiya sifatida ushbu til ham ayni muddao.
Islom dini asosiy bo‘lgan jamiyatlar uchun arab tili Qur’on, hadis va diniy bilimlarni anglash uchun muhim. Harflar va talaffuzlar yoshlar ongida yaxshiroq esda qoladi. Bu tilni erta o‘rganish kelajakda diniy bilimlarni o‘rganishga asos bo‘ladi.
Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiy davlatlaridan biri. Xitoy bilan savdo, ilm-fan, texnologik aloqalar ortib bormoqda. Tovushlar va iyeorogliflarni erta yoshda osonroq o‘zlashtirish mumkin.
Turk tili grammatika va so‘z boyligi jihatdan o‘zbek tiliga yaqin bo‘lgani uchun osonroq o‘zlashtiriladi.
Fransuz, nemis, ispan tillari – Yevropa va xalqaro diplomatik aloqalar uchun muhim. Bu tillar YUNESKO, Yevropa Ittifoqi va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlarda ishlatiladi. Fransuz va nemis tillari Yevropada oliy ta’lim olishni istaganlar uchun ayni muddao.
Jadid bobolarimiz ham bundan yuz yillar oldin til bilishning kuchini anglagan va bu borada ibratli iz qoldirganlar. Masalan: Behbudiyning “Ikki emas to‘rt til kerak” maqolasida o‘sha davr uchun xorijiy tillarni o‘rganish zarurati yaqqol misol va tahlillar bilan keltirib o‘tilgan. Til o‘rganish ahamiyati asrlar avval qanday muhim bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kun uchun eng dolzarb masalalardan biri.
Yoshlikdan poliglot bo‘lish va bu bilimlarni amaliyotda faol qo‘llay olish kelajakka qo‘yilgan eng katta intellektual sarmoya. Ko‘p tillilik nafaqat bilim, balki yangi dunyoqarash, madaniyatlararo aloqa va zamonaviy jamiyatda muvaffaqiyatli bo‘lish imkonini taqdim etadi. Til o‘rganish jarayoni kishi uchun yoqimli mashg‘ulotga aylansa va amalyotda tatbiq etilsa, o‘sish va rivojlanish uchun har tomonlama ijobiy bo‘ladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA