Bugungi kunda yer uchastkalaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki yer qonunchiligi talablariga zid ravishda yerdan foydalanish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi qonunbuzilish holatlari ko‘plab sodir etilmoqda.
Kadastr agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlari yer to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib kelmoqda.
Bu borada Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shiddatbek Abdug‘afforov quyidagilarni ma’lum qildi.
–Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2024 yilning o‘tgan 9 oyi davomida poytaxtimiz hududida amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 2 ming 617 ta holatda 64,42 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha huquqbuzarliklar aniqlanib, berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 1 ming 16 ta holatda 10,54 gektar yer qonunbuzilishi holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishi ta’minlandi.
O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarida qurilgan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish haqida sudlarga 1 ming 238 ta (46,75 gektar) da’vo arizalari kiritildi. Yerga oid qonunbuzilishi holatlarida jinoyat alomatlari kuzatilgan 39 ta (9,77 gektar) ish hujjatlari o‘rnatilgan tartibda prokuratura organlariga yuborildi.
Qayd etish joiz, ayni yo‘nalishda davlat nazoratini amalga oshirishda Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Ye-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanilmoqda. Mazkur dastur yordamida ortiqcha qog‘ozbozliklarga chek qo‘yilib, huquqbuzarlik holatlarini rasmiylashtirish muddatlari qisqardi va idoralararo hujjat almashish tezkorligi oshirildi. Shuningdek, dronlar orqali nazorat tadbirlari olib borilib, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan taqdim etilgan kosmik suratlarni taqqoslash natijasida qonunbuzarliklar aniqlanyapti.
Xabaringiz bor, joriy yil 5 avgust kuni “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ushbu muhim hujjat imzolangandan so‘ng ayrim fuqarolarimiz orasida “qurilishi mavjud bo‘lsa, huquq e’tirof etilar ekan” deb, bo‘sh yerga imorat qurayotganlar ham afsuski uchrab turibdi. Hozir noqonuniy qurilish qilib, “bu uyni 5-10 yil oldin qurganman degan iddao bilan hujjatlashtirib olaman” qabilida ish tutayotganlar xato o‘ylashmoqda. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar, xaritalar bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 937-sonli qonuni asosida 2018 yil 1 may sanasiga qadar yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallangan yer hamda undagi bino-inshootlarga nisbatan huquqlar ko‘rib chiqilishi, shuningdek, huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Agarda qurilma o‘zboshimchalik bilan belgilangan davrdan keyin qurilgan bo‘lsa, bunday imoratlar o‘rnatilgan tartibda bartaraf etiladi. Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, u yerga noqonuniy qurilmani amalga oshirganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy javobgarlikdan jinoiy javobgarlikkacha choralar bor.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
229-1-moddasining ikkinchi qismida sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish — BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan yerga oid qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlarini, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, huquqbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘rab qolamiz. Yer – umummilliy boylik, eng muhim tabiiy resurslardan biri bo‘lgani uchun ham undan samarali va belgilangan maqsadda foydalanish zarur. Har bir qarich yerning hisobi bor. Nazorati ham shunga yarasha kuchli bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA