Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Bugun hayotimizdan tobora chuqur o‘rin olayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil aholini qiynayotgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishiga, odamlarning turmush sharoiti yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Bu borada esa joylarda tashkil etilayotgan ommaviy sayyor qabullarning ahamiyati katta bo‘lyapti.
Buxoro viloyati Olot tumanida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullar aholi muammolarni o‘rganish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabullar rejasi tuman Xalq qabulxonasi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilayotgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirmoqda.
–Tasdiqlangan rejaga asosan joriy yilning 9 oyi davomida viloyat va tuman sektorlar rahbarlari tomonidan 146 ta ommaviy sayyor qabullar o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Olot tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi M.Barakayev. – Qabullar jarayonida kelib tushgan 557 ta murojaatlarning 517 tasi qanoatlantirilgan. 9 tasi bo‘yicha qonun talablari bo‘yicha tushuntirish berilgan. Muddat talab qiladigan 31 ta murojaatlarni hal qilish yuzasidan tegishli idora va tashkilot rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan hamda ijrosi nazortga olingan.
Xulosa qilib aytganda, tumanda bo‘lib o‘tgan ommaviy sayyor qabullarda ko‘plab murojaatlar ijobiy hal etilgan. Albatta, aholi manfaatlarini himoya qilish, xalqda rozilik, shukronalik hissini shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidagi sa’y¬-harakatlarning amaldagi natijasidir.
Zarif Komilov, O‘zA