Har bir murojaat ortida inson manfaati mujassam
Inson hayot kechirishi davomida yaxshilik va yomonlik, muammolarga duch kelishi bor gap. Ularga yechim izlash, hududlardagi dolzarb masalalarni ijobiy hal etish, mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilini hayotimizga tatbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari samarali faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bahodir Yusupov bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni bayon qildi.
Xalq qabulxonalari mamlakatimiz rahbarining “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan chaqiriqlarining amaldagi ifodasi sifatida bugungi kunda elimiz ishonchini qozonishga intilmoqda.
Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan 2025 yilning birinchi choragi davomida hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda ularning Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash ko‘rsatgichi o‘rganildi. Aholidan Virtual va Xalq qabulxonalariga jami 15 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida haftalik qo‘shma hokimlik yig‘ilishlarida Xalq qabulxonasining davlat organlari, tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash holati bo‘yicha tanqidiy-tahliliy ma’lumotlar asosida muhokamalar o‘tkazilib, tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Viloyatda olib borilgan amaliy tadbirlar bilan birga, kichik sanoat zonalarida investitsiya loyihalari ishga tushirilishi, mikroloyihalarni tashkil etish orqali aholi bandligi ta’minlanishi hamda aholining ijtimoiy muammolarni hal qilinishi natijasida murojaatlar 4,6 mingta kamayganligini ko‘rish mumkin.
Murojaatlarning aksariyati nafaqa ta’minoti va ijtimoiy himoya, aliment va qarz undirish, moddiy yordam va homiylik, gaz va elektr ta’minoti, bank kreditlari va kredit operatsiyalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, bandlik, kadastr va mehnatga haq to‘lash kabi masalalar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Murojaatlar Namangan shahri va Mingbuloq tumanida ortgani hamda har bir ming aholiga Namangan shahri, Uychi, Pop va Norin tumanlarida murojaat soni yuqori ekanligini qayd etish joiz.
O‘z yechimini kutayotgan hududiy muammolar yuzasidan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosarlari, “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati, viloyat avtomobil yo‘llari hududiy, viloyat ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlariga ko‘plab topshiriqlar berildi.
Jumladan, Kosonsoy tumani Bog‘ishamol, Norin tumani Yashik va Pop tumani Ultarma mahallalari aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, To‘raqo‘rg‘on tumani Kuymazor mahallasida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Namangan shahri, Chust va Uychi tumanlarida maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Namangan shahri Lola mahalla hududida “Jahon ixtisoslashtirilgan bozori” balansida yer maydoniga 900 o‘rinli yangi maktab va mini futbol maydonchasi qurish, Mingbuloq tumani Nayman mahallasi hududida joylashgan 29-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini ta’mirlash, Chortoq tumanidagi “Baliqko‘l – Iskovot” avtomobil yo‘lining “Pk 2+00 km.” qismida joylashgan ko‘prikni ta’mirlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.
Prezidentning viloyat, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari tomonidan 662 kambag‘al oilaning rejalari ijrosi o‘rganildi. Shu o‘rinda, ijrosi bajarilmagan 342 ta reja nazoratga olinib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Buning samarasi o‘laroq 56 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi, bir nafariga oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun kontrakt to‘lovi to‘lab berildi. 34 nafar fuqaroning farzandlari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirilib, 64 nafari esa kasb-hunar o‘rganish uchun o‘quv kurslariga jalb qilindi.
Chortoq tumani Do‘stlik mahallasi, “Subhidam” ko‘chasida yashovchi fuqaro M. B. ga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun davlat dasturi doirasida 10 million so‘m imtiyozli moliyaviy resurs ajratildi. Uychi tumani Dehqon mahallasida yashovchi fuqaro A. B. ga subsidiya asosida mehnat quroli berilishi ta’minlandi.
Yurtimizning eng chekka, ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir hududlarida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlarga kirishilgan. Jumladan, “Murojaatdan daromadga besh qadam” loyihasi asosida o‘tgan 2024 yilda tumanlarda mehnat yarmarkalari tashkillanib, 166 nafar ishsiz fuqaroga 11 ta mehnat quroli va 155 ta tikuv dastgohi olib berildi.
O‘zbekiston Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, mavjud muammolarni bartaraf etish, muhim masalalarni ijobiy hal qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy ishlarini muntazam davom ettirmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA