Har bir murojaat deputat hamda parlament nazoratiga olindi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputati Madina Barotova Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi turmush tarzi bilan tanishish maqsadida hududdagi ijtimoiy ob’ektlarda bo‘ldi.
Deputat tomonidan shahardagi 23-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish jarayoni, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Maktab 1972 yilda qurilgan bo‘lib, quvvati 1 ming 136 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Hozirgi vaqtda 1 ming 545 nafar o‘quvchiga 93 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Maktab 2 smenali bo‘lib, to‘garaklari to‘liq faoliyat olib borishi uchun sinf xonalari yetishmovchiligi muammosi mavjud.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni tatbiq etish, o‘quvchilarning iqtidorini namoyon etishlari, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida ijod qilishlari uchun maktabda faollar zaliga ehtiyoj bor.
Maktabning isitish tizimi, ichimlik suvi ta’minoti borasida muammolar mavjud emas. Biroq maktabning atrofi o‘ralmagan. Old qismi va yon tomonidan oqib o‘tadigan ariq mavjud bo‘lib, uning yoqasidagi ikki tomonlama tor yo‘laklardan o‘tadigan mashinalar ko‘pligi va tirbandligi sababli maktabga qatnovchi o‘quvchilarning hayotiga xavf tug‘dirmoqda.

Maktabning fasad qismini ta’mirlash, hovlisini asfaltlashtirish, sport maydonini zamonaviylashtirish lozim.
Umumta’lim maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasiga qabul ko‘rsatkichlari qoniqarli, mahalliy hokimlik tomonidan bitiruvchilarning bandligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham ijobiy.
Deputat tomonidan yuqoridagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish uchun mutasaddi tashkilotlardan amaliy yechim topishlari so‘raldi va nazoratga olindi.
M. Barotova shahardagi 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni sog‘lomlashtirish, ularga ta’lim va tarbiya berish, jarayonlarni sanitariya-gigiyena talablari asosida tashkil etilayotganligi holati bilan tanishdi.
Muassasada bolalarning ovqatlanishi autsorsing tizimi orqali amalga oshirilayotganligi ma’muriyat ishini yengillatgani natijasida pedagogik jamoaning to‘liq ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bandligi alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, muassasa xodimlari tomonidan santexnik, elektrik va bog‘bon shtat birliklarini ajratish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
– Shahardagi F.Xo‘jayev mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqarolarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yo‘llagan murojaatnomasiga asosan, mahallalarida 6 oydan buyon rais lavozimi vakant ekanligi va ularga rais lavozimiga munosib nomzod bo‘yicha taklif yo‘llangan edi, – deydi Madina Barotova. – Mazkur murojaatga asosan 2020 yilning dekabr oyida mahalla fuqarolari bilan uchrashuv tashkil etildi. Ularning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Belgilangan tartibga asosan, tuzilgan ishchi guruh tomonidan saylovga tayyorgarlik ishlari tashkil etildi. Nomzodlar aniqlandi. Joriy yilning 29 yanvar kuni mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga saylovlar tashkil etildi. Saylov natijalariga ko‘ra aholi tomonidan munosib deb topilgan nomzod mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylandi.
Deputat 3-sonli oilaviy poliklinikada va unga biriktirilgan aholi yashash xonadonlarida bo‘ldi. O‘rganishlar davomida xonadon egalarining xatlovdan o‘tkazilganligi, ularning tibbiy xizmatdan mamnunligi, patronaj brigadalari ishining tashkil etilganligi, ularga yaratilgan sharoitlar va kamchiliklar bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, aholining salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlar (tayanch, past xavf guruhi, o‘rta xavf guruhi, yuqori xavf guruhi va boshqalar)ga biriktirilgan. Aholi patronaj shifokor va hamshiralar ishidan mamnun. Patronaj brigadasi maxsus sumkada zaruriy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Poliknikada 6 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 33 ming 261 nafar aholisi, shuningdek, Buxoro muhandislik va texnika instituti talabalari va Buxoro davlat universiteti talabalar yotoqxonasidagi yoshlar biriktirilgan. Hududda 300 dan ortiq jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar istiqomat qiladi.
Oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokorlari yetishmovchiligi mavjud. Shuningdek, tor doiradagi mutaxassislar haftada ikki kun markaziy poliklinikadan kelib faoliyat olib boradi. Natijada bemorlarga o‘z vaqtida samarali xizmat ko‘rsatilmaydi. Har bir muassasada alohida tor doiradagi mutaxassislarni shtat birligi asosida ishga qabul qilish borasida takliflar berildi.
Xatlovdan o‘tkazish, ambulator kartalarni Vazirlik tomonidan belgilangan yangi tartib asosida shakllantirish borasida ham muassasa xodimlarini devonxona mollari bilan ta’minlash borasida ayrim kamchiliklar mavjud. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy etilgan aholining elektron navbatga olish mexanizmining samarali ishlashida muammolar borligi aniqlandi. Deputat tomonidan Vazirlikdan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rish borasida parlament nazorati o‘rnatiladi.
Deputat “Ahmad Donish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qayum Murtazoyev ko‘chasi 16-sonli oilaviy yotoqxonasiga bordi. Yotoqxona 3 qavatdan iborat bo‘lib, unda 92 nafar oila istiqomat qiladi.

Aholi tomonidan ish bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini tiklash, kommunal to‘lovlar borasida ko‘tarilgan masalalar mutasaddi tashkilot vakillari bilan kelishilgan holda bartaraf etilishi belgilab olindi. Ularni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rish borasida Buxoro shahar hokimligining uy-joylarni hicobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasiga taklif kiritish bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, uy-joyga ega bo‘lish uchun ipoteka krediti asosida subsidiya ajratilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi.
Deputat tomonidan “Temir daftar”ga kiritiladigan fuqarolar bilan tizimli ishlarni tashkil etish, boqimandalik va dangasalik kayfiyatini bartaraf etish borasida amaliy choralarni ko‘rish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga taklif va tavsiyalar berildi.
Zarif KOMILOV, O‘zA