Samarqandda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari Samarqand tumanidagi Qo‘shtamg‘ali mahallasi hududida, M-37 avtomobil yo‘li bo‘yida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish tadbirida ishtirok etdilar.
Ushbu manzildan keyin mehmonlar Konigil mahallasi Siyobcha kanali bo‘yida olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Konigil – yurtimizdagi ilk “turizm qishlog‘i” maqomi berilgan hudud hisoblanadi. 939 xonadon, 1313 oilada 4838 nafar aholi yashaydi. 102 gektar maydonni egallagan mahalla turizm va hunarmandchilikka ixtisoslashgan. Hududddan o‘tgan Siyobcha kanali atrofida “Sohil bo‘yi” master-rejasi asosida qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Hozir mahallada 107 ta turizm ob’ekti, jumladan, 20 ta oilaviy mehmon uyi, 15 ta hunarmandchilik ustaxonasi, 8 ta milliy ovqatlanish shoxobchasi, 20 dan ortiq savdo nuqtasi, 3 ta dam olish maskani faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hududlardan kelgan hokimlar va hokim o‘rinbosarlariga “Sohil bo‘yi” master-rejasi, loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Bugungi seminarda Samarqand tumanidagi mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholi bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbalarini yaratish borasidagi ibratli tajribalarga guvoh bo‘lyapmiz, – deydi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Murod Ochilov. – “Bir kontur – bir mahsulot”, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyillari asosida olib borilayotgan ishlar, turizm bo‘yicha loyihalar ham yaxshi samara berayotganini ko‘rdik. Albatta, davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan vazifalar asosida bu ishlarni har bir hududda, mahallada tashkil etish mumkin. Seminarda bu borada boshqa viloyatlardan kelgan hokimlar va hokim o‘rinbosarlari bilan tajriba almashyapmiz.
Seminar qatnashchilari Samarqand tumanida tomorqa va dehqon xo‘jaligi yo‘nalishlarida aholini o‘qitish, yerga ishlov berish, mahsulotlarni yetishtirish va sotishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanayotgan “SAM AGRO CENTER” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
[gallery-21701]
2021 yilda tashkil etilgan mazkur tadbirkorlik sub’ekti tomonidan bugungi kunda tomorqa va dehqon xo‘jaliklari uchun 12 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, AQSH, Turkiya, Ispaniya, Fransiya, Rossiya davlatlaridan 25 turdagi F-1 reproduksiyali, serhosil va kasallikka chidamli sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar urug‘lari keltirilmoqda. Shuningdek, Turkiya va Rossiya davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etilgan holda 45 nafar agronom tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish uchun o‘qitilmoqda.
Seminar ishtirokchilari tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar yarmarkasi bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari