Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasining "Topografik va kartografik materiallarni tayyorlash sektori" tomonidan joriy yilda jami 341 gektar yer maydoniga umumiy qiymati 301 million 926 ming 423 so‘mlik topografik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 avgustdagi “Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023 yil 1 yanvarga qadar har bir mahallaning aniq chegaralarini belgilash bo‘yicha bir qator vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Buxoro viloyatidagi mavjud 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining aniq chegaralari tasvirlangan topografik xaritalari tayyorlanmoqda. Ayni paytda tuman va shaharlardagi ayrim mahallalarning xududiy bo‘linishi bo‘yicha taklif loyihalari bo‘yicha ish olib borilmoqda. Mazkur jarayonlar o‘z vaqtida to‘liq tugatilishi ta’minlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA