Har bir mahallada, har bir ko‘chada ko‘chat ekamiz
O‘simliklar olamining inson hayotidagi ahamiyati katta. Yashil makonning foydali tomonlari juda ko‘p. Havoning kislorodga to‘yinishi, shamolga himoya bo‘lishi, qushlarga makon, qurilish ashyosi va yoqilg‘i sifatida foydalanilishi, yer osti suvlari sathining me’yorida bo‘lishini ta’minlashi kabi foydalari xususiyatlari keng.
Namangan viloyatining Uychi tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bu gal ham shijoat bilan amalga oshirildi. Jumladan, tuman hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi Jiydakapa va Balandariq mahallalari hududida MFY faollari ishtirokida hashar o‘tkazildi. Unda 100 tupdan ortiq pavloniya, olma, behi, bodom, atirgul ko‘chati ekilib, mavjud daraxtlarga shakl berish, oqlash ishlari bajarildi.



Shu bilan bir qatorda, o‘zgalar yordamiga muhtoj, nogironligi bor oilalarning tomorqa yerlarini tartibga keltirish ishlari bajarildi. Masalan, Balandariq mahallasi, Tadbirkor ko‘chasi, 17-uyda yashovchi Nurxon aya Abdurahmonova o‘g‘li Husan Abdujabborov ayni paytda Samarqand viloyatida Milliy gvardiya safida xizmat faoliyatini olib borayotgani sababli, tomorqani yuritish, yerlarini yumshatish va daraxtlarga shakl berishda qiynalayotgandi. MFY va “Mahalla” fondi tomonidan xonadondan xabar olinib, Nurxon ayaning taklifiga asosan tomorqaga bodom, olma, behi kabi mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Jiydakapa mahallasi Uychi tumanidagi IIB boshlig‘i mas’ul uchinchi sektor shtabi hisoblanadi. Uning atroflarini namunali saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois MFY va “Mahalla” fondi vakillari tomonidan mazkur go‘shadagi ko‘chalar bo‘ylab bir qator manzarali ko‘chatlar ekildi.



–“Yashil makon” loyihasida mahalla guzarlarida, ijtimoiy muhofazaga muhtoj xonadonlarda ko‘chatlar ekish, tomorqalarni chopib yumshatish, daraxtlarga shakl berish bo‘yicha mahalla faollari bilan birgalikda ish olib bordik, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Ahmadjon Mukarramov. Uychi tumanidagi “Jiydakapa” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan bildirilgan MFY va uning atroflarini yashillikka burkash to‘g‘risidagi tashabbus e’tiborimizni tortdi. Zero, bugungi ekilgan ko‘chatlar ertaga, albatta, elimiz manfaatiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri