Har bir insonga zarur sharoitlar yaratiladi
Andijonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Andijon viloyati adliya boshqarmasi hamkorligida davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizning yaqin yillardagi jadal taraqqiyotini ta’minlashga, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qiluvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ahamiyati, mazmun-mohiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.
– Barchamizga ma’lumki, joriy yilning aprel oyida mamlakatimizda umumxalq referendumi asosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi, – deydi Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadbobur Karimov. – Mazkur qonunda belgilangan xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish maqsadida shu yil 11 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlar barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish hamda mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash hisoblanadi.
[gallery-13980]
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i A. Mirkomilovning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarori mazmun va mohiyati”, Baliqchi tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti Murodullo Dadaxonovning “Xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar”, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Matlubaxon G‘aniyevaning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi asosiy g‘oyalar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
– O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsadga erishish belgilangan, – deydi Matlubaxon G‘aniyeva. – Jumladan, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari