Har bir fuqaroning fikri muhim...
Ayni kunlarda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamalari davom etmoqda.
Bu jarayonlarda mamlakatimizning har bir fuqarosi fikri muhim. Shu sabab vazirlik va idoralarda yig‘ilishlar tashkil etilib, ekspertlar ishtirokida har bir o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokama qilinmoqda.
Ana shu kabi tadbirlar doirasida, joriy yilning 1 iyul kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida «Konstitutsion islohotlar – davr talabi» mavzusida muhokama-munosabat tadbiri o‘tkazildi. Unda Ta’lim inspeksiyasi rahbariyati va xodimlari, hududiy bo‘lim vakillari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Bosh Qomusimizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ahamiyati, dolzarbligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda ishtirok etgan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston qahramoni, senator Shavkat Ayupov Konstitutsiyamizga kiritilishi kutilayotgan har bir o‘zgartirishlarni batafsil tahlil qilib berdi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha bildirilayotgan takliflardan kelib chiqib, asosiy Qomusimizga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur jarayonlarda barcha sohalarda inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustun ekanligi alohida e’tirof etilmoqda. Bunda esa ta’lim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Buning uchun esa bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.
Konstitutsiyaning 41-moddasiga qo‘shimcha sifatida davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi, har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlashi, shuningdek, davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun teng shart-sharoitlar yaratilishi bo‘yicha tegishli bandlar kiritilmoqda.
Muhokamalar jarayonida 41-moddaga kiritilayotgan o‘zgarishlarga qo‘shimcha ravishda 3-bosqichli professional ta’lim bo‘yicha alohida band qo‘shish masalasida taklif bildirildi.
Zero bugungi kunda ta’lim, ilm-fan ishlab chiqarish integratsiyasi mehnat bozori talablari va xalqaro klassifikartorlarga moslashuv muammolarini ham yechishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi Konstitutsiya darajasida belgilanmoqda. Bu esa pedagoglarimizning erkin pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun zamin yaratadi.
Shuningdek, 64-moddaga qo‘shimcha sifatida ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’limi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va uyg‘un kamol topishi to‘g‘risida qayg‘urishi shartligi yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
O‘zA