Har bir askar xotirasi abadiy
Mazkur aksiya yurtimizning Buxoro va Qoʻqon shaharlaridan boshlandi.
Oʻzbekistonda Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab “Xotira yoʻli” aksiyasi oʻtkazilmoqda. Aksiya doirasida mamlakatimiz hududlaridagi harbiylar qabristonida fashizmga qarshi kurash yoʻlida oʻz jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan ramziy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Jumladan, mamlakatimizdagi Rossiya diplomatik missiyasi xodimlari hamda yurtimiz Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan tantanali ravishda tuproq yigʻish ishlari amalga oshirilmoqda. Kelgusida tuproq solingan kapsulalar hozirgi vaqtda bunyod etilayotgan Rossiya Qurolli kuchlari Bosh ibodatxonasi xotira majmuasi hududiga joylashtiriladi.
Mazkur aksiya yurtimizning Buxoro va Qoʻqon shaharlaridan boshlandi. Bir paytning oʻzida tuproq yigʻish boʻyicha tantanali tadbirlar Toshkentdagi harbiylar qabristonlarida ham boʻlib oʻtdi. Xuddi shunday marosimlar joriy yil oxirigacha mamlakatimizning 11 shahrida oʻtkaziladi. Respublikamizda jami 17 qardoshlar qabristoni mavjud. Ularning eng kattasi Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, u 1975-yilda 1941-1945-yillarda poytaxtimizda faoliyat yuritgan harbiy gospital oʻrnida barpo etilgan. Mazkur majmua hududida urush paytida olgan jarohatlari tufayli gospitalda halok boʻlgan 1,5 ming askar va ofitser dafn etilgan.
“Xotira yoʻli” loyihasi Ikkinchi jahon urushida qatnashgan har bir jangchiga oid maʼlumotlar bazasi boʻlib, undan hamma foydalanishi mumkin. Loyihaga koʻra, urush qahramonlarining nomlari va portretlari bitilgan yirik yodgorlik yaratiladi va u Rossiya Qurolli kuchlari Bosh ibodatxonasi barpo etayotgan Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining “Patriot” nomli madaniyat va istirohat bogʻi hududiga oʻrnatiladi.
Ibodatxona majmuasida urushda qatnashgan millionlab jangchilarning nomlari abadiylashtirilgan Xotira yoʻli yotqiziladi. Ushbu qahramonlar orasida oʻzbekistonlik urush qurbonlari ham boʻladi. Ularning nomlari va mardonavor harakatlari hamyurtlarimiz qalbida mangu yashaydi.