Haqiqiy ustozning eng katta mukofoti – shogirdlarining muvaffaqiyati
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro olimpiadalarga tayyorlash va ular uchun munosib ta’lim muhitini yaratish borasida samarali tizim shakllandi.
Bu islohotlarning amaliy natijasi bugun xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilayotgan yuksak yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Albatta, bu muvaffaqiyatlar zamirida o‘z kasbiga sadoqatli, bilim va tajribaga ega ustozlarning fidokorona mehnati mujassam.
Ana shunday ustozlardan biri “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi, Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi oliy toifali kimyo fani o‘qituvchisi Sardor Samadovdir. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy etishda o‘rnak bo‘lib kelayotgan jonkuyar pedagoglardan biri.
S.Samadov o‘quvchilar bilimi samaradorligini oshirishda yangi pedagogik texnologiyalar va elektron darsliklardan foydalanish yo‘nalishida amaliy sinov tajribasini olib bormoqda.

Uning samarali mehnati natijasida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan iqtidorli yoshlar kamol topmoqda.
Jumladan, 2022-yilda Sherzod Shaymatov, 2024-yilda Saida Abdullayeva, 2026-yilda esa Jasurbek Mustafoyev Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritib, mazkur yutuqlar tasodifiy emas, balki tizimli tayyorgarlik va uzluksiz mehnat mahsuli ekanini yana bir bor isbotladi.
Sardor Samadov faqat Xalqaro kimyo olimpiadasi sovrindorlarini emas, balki Xalqaro Mendeleyev hamda Xalqaro Abu Rayhon Beruniy olimpiadalari g‘olib va sovrindorlarini ham tayyorlab kelmoqda.
Haqiqiy ustozning eng katta mukofoti – shogirdining muvaffaqiyati. Shogirdning xalqaro maydonda qo‘lga kiritgan har bir yutug‘i esa Yangi O‘zbekistonning ilm-fanga tayangan taraqqiyot yo‘li to‘g‘ri tanlanganining yana bir yorqin isbotidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri