1-mart – O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov tavallud topgan kun

Ozod Sharafiddinov zamonamizning afsonaviy siymolaridan biri edi. Ustoz Abdulla Oripov hayratlanarli bir voqeani aytib bergan: “Ozod aka bilan suhbatlashib o‘tirgan edik. To‘satdan menga:

-           Abdullajon, tasavvur qiling, 38-yil qaytib keldi va sizni olib ketishyapti... Nima deb o‘ylaysiz, muxlislaringiz orasida: “Shoirimni qamaydigan bo‘lsang, meni ham birga olib ket!” – deydigani bormi?

Bu savolni eshitib, qotib qoldim. Nima deyishimni ham bilmayman. Bunday fidoyini tasavvurimga keltira olmadim. O‘ylanib qolganimni ko‘rib, Ozod aka gapida davom etdi:

-           To‘g‘risi, Abdullajon, bunday odam topilishi qiyin. Agar shu gapni ayta oladigan birgina muxlisingiz bo‘lsa, u ham menman. Faqat men aytishim mumkin bunday gapni!” 

Darhaqiqat, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov ana shunday mard, o‘ktam va jasoratli inson, tafakkuri teran va taxayyul olami keng haqiqiy olim edi. O‘zi uchun emas, millatning saodatini o‘ylab qayg‘ura oladigan shaxs edi. 

Agar u bugun hayot bo‘lganida 95 yoshni qarshi olgan bo‘lardi. Ustozning she’riyatni qaysi mezonlar asosida tadqiq etgani haqidagi ayrim mulohazalarimizni havola etamiz.

O‘zbek she’rshunosligi milliy she’riyatimiz bilan tengdoshdir, hamqadam va hamnafasdir. Nazmning ilk namunalari yaratilgan kezlardayoq she’riyat haqida fikr aytilgani, unga baho berilgani isbot talab qilmaydi. Biroq she’rshunoslik ilmning alohida yo‘nalishi sifatida nisbatan keyinroq shakllangani va taraqqiy etgani ham rost. Adabiyotshunosligimizda yuksak saviyali maxsus ilmiy-nazariy asarlar keyingi zamonlarda yaratilgani ham buni tasdiqlaydi. Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a”, Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon”, “Majolis un-nafois”, Zahiriddin Boburning “Risolayi aruz” asarlari she’rshunosligimizning ana shunday mumtoz namunalaridir. 

Ta’kidlash joizki, Furqatning “Shoir ahvoli va she’r mubolag‘asi xususida” nomli nazmiy asari, Fitrat, Cho‘lpon va Vadud Mahmudning adabiy risolalari hamda maqolalaridan boshlangan yangi zamon she’rshunosligi Oybek, G‘afur G‘ulom singari akademik adib va shoirlarimiz, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov singari nuktadon olimlarimiz tomonidan boyitildi va rivojlantirildi. Bu borada, O‘zbekiston Qahramoni, professor Ozod Sharafiddinovning ilmiy faoliyati, ayniqsa, tahsinga loyiqdir.

Ustoz olimning “Zamon, qalb, poeziya” deb nomlangan kitobi o‘sha murakkab va ziddiyatli zamonda she’riyatga yangicha nuqtayi nazarni ifodalagani, nazmiy asarlarni baholashning Ozod Sharafiddinovga xos mezonlari aks etgani bilan ahamiyatlidir. Professor Umarali Normatov ta’biri bilan aytganda, bu kitob “she’riyatni, umuman, adabiy jarayonni yangicha anglash, idrok va talqin etishning yorqin namunasi edi”. 

Ozod Sharafiddinov she’riyatga o‘ziga xos mezonlar bilan yondashgan. Bu mezonlarning birinchisi va olim asarlarining asl mohiyatini aks ettiradigani – haqiqatparastlik. Ana shu mezon uni adabiyotdagi, xususan, she’riyatdagi o‘rtamiyonachilikni fosh etishga undadi. Buni professor Begali Qosimov quyidagicha baholagan edi: “Tabiat unga (Ozod Sharafiddinovga) adabiyotni nozik his qilish va munosib baholash salohiyatini hamda uni ro‘y-rost aytish jasoratini berdi. Uning ijodda o‘rtamiyonalikka, “ko‘lmak davralar”ga (Abdulla Oripov iborasi) toqati yo‘q edi... Lekin hamisha ijodi va faoliyati “qilichning dami”da kechdi. Chunki u o‘rtamiyona yashay olmasdi, o‘rtamiyona seva olmasdi. Ayrimlardek ko‘nglidagini yashira olmasdi. Dilidagi tilida edi”. 

Olimning ilk asarlaridanoq she’riyatimizning yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilishiga xalaqit berayotgan kamchiliklarga e’tibor qaratishi sababini ham ana shu haqiqatparastlik mezoni bilan izohlash mumkin. Uning ba’zan zaif she’rlarning ostida atoqli, xizmat ko‘rsatgan, hatto yirik shoirning imzosi turishini taassuf bilan ta’kidlashi boisi ham shunda. Nomdor mualliflar tomonidan yozilgan, o‘sha zamon mafkurasiga har jihatdan mos, lekin badiiyat talablariga javob bera olmaydigan bitiklar haqida “She’rmi shu asar? Poeziya bormi unda?”, degan haqli savollarni faqat Ozod Sharafiddinov singari fahmida mezoni bor olimgina o‘rtaga tashlashi mumkin edi o‘sha murakkab davrda. 

“Har qanday she’r poeziya bo‘lavermaydi, – deb yozadi olim. – Agar poeziyaning mohiyati vazn va turoqlardan, qofiya va alliteratsiyalardangina iborat bo‘lganda, ma’lum bir ma’noni ma’lum bir ohangda ifodalashdan nariga o‘tmaganda, dunyoda shoirlikdan osonroq ish bo‘lmas edi. Agar shunday bo‘lsa, o‘rtacha savodi bor, esi butun har qanday odamni bir hafta o‘qitib, binoyidek shoir qilish mumkin bo‘lardi. Unga hatto chiroyli o‘xshatishlar, aniq sifatlashlar, original metoforalar topish yo‘lini ham o‘rgatib qo‘ysa bo‘lardi. Holbuki, bunday emas. Poeziya gazetaning informatsiya janridan farq qiladi. Shoirlik – inson faoliyatining eng qiyin, murakkab tomonlaridan biridir. Shoir degan odam o‘tkir fikr yuritish qobiliyatiga, shoirlik talantiga ega bo‘lishi lozim. Talant bo‘lmasa, har qancha uringan bilan chinakam poeziya namunalarini yaratib bo‘lmaydi”. 

Oradan qariyb yarim asr muddat o‘tgan bo‘lsa ham, ustoz she’rshunosning bu fikrlari ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas. Har safar bu so‘zlarni o‘qiganimda bir havaskor qalamkash tengdoshimning ijodkorlik da’vosi esimga tushadi. Kamina unga: “Sizning qoralamalaringizda adabiyotga daxldorlik yo‘q. Bu yozganlaringiz nari borsa xabar maqolalar saviyasida” desam, “Yo‘q, men mashhur ijodkor bo‘laman”, deya bahslashardi. Oradan yillar o‘tib, o‘sha tanishim kitob chiqardi. Menga olib kelib: “Sendan shoir chiqmaydi”, degandingiz. Mana kitobim nashr etildi. Men shoir bo‘ldim”, deb iddao qildi. “Xafa bo‘lmang-u, ehtimol, yana o‘nlab kitoblar chiqararsiz, ammo bu qoralamalaringizda shoirlik iste’dodining uchquni ham ko‘rinmayapti”, degandim o‘shanda. Hozir o‘sha tengdoshim qoyilmaqom tadbirkorga aylandi... Bu voqea ustoz Ozod Sharafiddinovning yuqoridagi fikrlari hayotda o‘z tasdig‘ini minglab marta topganiga birgina dalil, xolos.

Haqiqatparastlik – munaqqid uchun muhim fazilat. Agar u haqiqatparast bo‘lmasa, badiiy ijoddagi xalturaga, she’riyatdagi nazmbozlikka befarq qarasa, hech qachon adabiyotning ravnaqiga xizmat qila olmaydi. Aksincha, uning zavoliga sababchi bo‘lishi mumkin. Ustoz she’rshunosning “Zamon, qalb, poeziya” kitobidan o‘rin olgan “Lirika haqida mulohazalar” maqolasida ham haqiqatparastlik fazilati yaqqol ko‘rinadi. Lirikada individuallikka, o‘ziga xoslikka intilish zarurligini ta’kidlagan olim “Har bir she’r – u hayotimizning qaysi tomoniga bag‘ishlangan bo‘lmasin, turmushimizning qaysi sohasini aks ettirmasin – shoirning kashfiyoti bo‘lishi lozim”, deb hisoblaydi.

 Olim haqiqatparast she’rshunos sifatida o‘tgan asrning elliginchi yillari she’riyatiga xos ikki kamchilikni alohida ajratib ko‘rsatgan edi. Bulardan birinchisi – jonli inson tuyg‘ularini, his-hayajonlarini, fikrlarini ifodalashdagi primitivlik, ikkinchisi esa – zamondoshimizning ma’naviy dunyosini butun boyligi va murakkabligi bilan ifodalay olmaslik. Bu kamchiliklarning bugun yaratilayotgan ayrim she’riy asarlarda ham uchrashini ustoz she’rshunosning nazm taraqqiyotiga xos qonuniyatlarni nechog‘liq nozik ilg‘ashi, nuktadonligi bilan izohlash mumkin. 

Ma’lumki, sho‘rolar zamonida she’riyat oldiga baxt va shodlikni kuylash vazifasi qo‘yilgan edi. G‘am-anduhni, armon va iztirobni tasvirlash yoxud she’riyat oldiga shunday talablarni qo‘yish ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi muqarrar edi. O‘sha ziddiyatli sharoitda obraz yaratishda teran o‘y, ehtirosli zavq, yengil hazil qatori hasrat va mungdan ham foydalanishga da’vat etish adabiyotshunosdan chinakam jasoratni talab qilardi. Qalovini topib, ana shunday talabni qo‘ya olgani ham ustoz olim uchun haqiqat har narsadan ustun bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ozod Sharafiddinov haqiqatparast sifatida nainki ijod ahliga, hatto o‘ziga nisbatan ham shafqatsiz ekani hayratlanarlidir. Aks holda “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” maqolasida olim o‘z shaxsiyatiga, hayotiy a’moliga boburona nigoh tashlay bilarmidi?! Yoxud “Muvashshah” sarlavhali essesida: “...men adabiyotshunos sifatida Abdullajonning ijodidan uch-to‘rtta maqola e’lon qilganman-u, lekin uning ijodini har tomonlama tadqiq etuvchi, XX asr she’riyatida, qolaversa, jahon she’riyatida Abdulla Oripov fenomenini to‘la bo‘lmasa-da, bir qadar mukammalroq ochib beradigan durustroq bir maqola ham yozgan emasman. Har gal bu ishga kirishmoqchi bo‘lganimda, bu she’riyat qarshisida qalamimning benihoya ojizligini his qilardim...”, tarzidagi e’tiroflarni yoza olarmidi?!   

Ozod Sharafiddinov she’rshunosligiga xos ikkinchi mezon  –  yuksak professional bilimga asoslangan talabchanlikdir. Olimning fikricha: “Poeziya ham, umuman san’at kabi, voqelikni faqat ko‘zgudek ustki tomonidan emas, balki mohiyati bilan aks ettiradi. Poeziyani ham, birinchi navbatda, inson qalbining tamannolari qiziqtiradi. Shu ma’noda poeziyadagi zamonaviylik – kundalik hodisalarga bevosita poetik javobgina emas, balki hayotiy tendensiyalarning, protsesslarning ich-ichiga, mohiyatiga kira bilish hamdir... Xullas, har qanday she’r qofiyasi va vazni, turog‘i va bandi joyida bo‘lgani bilan poeziya bo‘lavermaydi. Chinakam poeziya bilan nazmbozlikni bir-biridan keskin farq qilish kerak. Poeziya – talantdan boshlanadi. Talant esa hayotning hech kim ko‘rmagan tomonlarini ko‘ra olish, u orqali voqelikning muhim tomonlarini ifodalay olish, davrning katta problemalarini ko‘tarib chiqa olish qobiliyatidir” 

Ozod Sharafiddinov she’r chinakam yuksak poeziya darajasiga ko‘tarilishi uchun individual uslub va stillarning rang-barangligi, boyligiga erishmoq zarur, deb hisoblaydi. Falsafiy mulohazalarni ham, chuqur o‘ylarni ham, dramatizm bilan sug‘orilgan kechinmalarni ham ifodalashga, yirik masshtabli, qabariq obrazlar yaratishga imkon beradigan uslublar kerakligini ta’kidlaydi. She’riyatning ham, umuman, adabiyotning ham asosiy uslubi – sotsialistik realizm, deb e’lon qilingan bir zamonda bunday talabni qo‘yish oson bo‘lmagani aniq. Bunday talabni faqat Ozod Sharafiddinov singari fahmida mezoni bor olimgina o‘rtaga qo‘yishi mumkin edi o‘sha zamonda.

Ustoz she’rshunosning qarashicha: “Individual uslub, stil, manera, albatta, birinchi navbatda, shoir shaxsi bilan, uning voqelikka o‘zicha mustaqil va original qaray olish qobiliyati bilan, o‘zi ko‘rgan muhim narsalarni original formada ifoda qilib berish iste’dodi bilan bog‘liq”. Bu – juda ham muhim, hech bir zamonda ahamiyatini yo‘qotmaydigan talab. Binobarin, milliy she’riyatimiz, hatto jahon poeziyasi tarixida ham ana shunday shaxsiyatga ega shoirlar benihoya kam ekani buning isbotidir. 

Olim Shayxzodani “individual manerasi yorqin ifodalangan shoirlardan biri” deb hisoblaydi. Shoir she’rlarida doimo o‘tkir publitsistik ruh chuqur falsafiy fikrlar bilan qo‘shilib ketishini ta’kidlaydi. Mirtemir she’rlari, uning fikricha, “xalq poeziyasiga yaqinligi” bilan alohida ajralib turadi. “Bu yaqinlik ritmikada emas, balki bevosita hislarning ifodalanishida, xalq poeziyasidagi soddalikning qabul qilinganida”, deb biladi. Asqad Muxtor esa, olimning qayd etishicha, “she’rlarida ko‘proq ixchamlikka intiladi. Uning ko‘p she’rlari konkret voqealar zamiriga qurilgan. Yaxshi ma’nodagi voqeabandlik shoir she’rlarining kuchli tomonini tashkil qiladi”. Mashrab Boboyev, Shuhrat kabi shoirlar yana boshqacharoq yo‘ldan boradi. “Ularda, ayniqsa, voqelikni mayin lirizm orqali ifodalashga intilish kuchli”. Mazkur ijodkorlarning she’riyatdagi yutuqlarini shu tarzda baholagan olim kezi kelganda ularning poetik kashfiyot darajasiga ko‘tarila olmagan, bayonchilik ruhi yetakchilik qilgan asarlari xususida tanqidiy mulohazalarni ham bildiradi. Bu orqali she’riy asarlar saviyasiga bo‘lgan talabchanlik, ijodkorning adabiyotdagi mavqeidan qat’i nazar, barchaga barobar ekanini amalda isbot etadi. 

She’rshunos olim o‘tgan asrning elliginchi yillari lirikasi haqida mulohaza yuritar ekan, uning taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan quyidagi besh yirik kamchilikni qayd etadi: 1) jimjimador, balanparvoz stil; 2) soxta stil; 3) tasvirning g‘oyat rangsizligi, adabiy priyemlarning kambag‘alligi, takrorning ustunligi; 4) tasvir vositalarining nochorligi; 6) she’riy texnika masalalarining diqqat markazidan chetda qolayotgani. Bu singari kamchiliklar she’riyatimizning bugungi vakillari ijodida ham uchrashi she’rshunoslikda bunday talabchanlik mudom zarurligini ko‘rsatadi. 

Olim she’rshunosligiga xos uchinchi  mezon  – izlanuvchanlik. U she’riyatda izlanish ruhi hukmron bo‘lishi zarur, deb hisoblaydi. She’rshunosning fikricha: “San’at, poeziya hamisha san’atkorning voqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi”.  Muttasil izlanish, har bir she’rda biron yangilik kashf qilishga intilish ruhi Mirtemir ijodida kuchli ekanini ta’kidlagan olim yosh iste’dodlarni undan o‘rganishga chaqiradi. Milliy she’riyatimizdagi buning aksi bo‘lgan, izlanish va kashfiyot ruhidan mahrum, bayonchilikka asoslangan asarlarni keskin tanqid qiladi. She’riyat hayotiy voqelikni shunchaki qayd qiluvchi emas, undagi hech kim payqamagan, hali o‘zgalar sezishga ulgurmagan poetik  go‘zalliklarni inkishof etish yo‘lidan borishi zarurligini uqtiradi. 

Munaqqid nasihatgo‘ylik, didaktizmga berilish ko‘pgina she’rlarning husniga dog‘ bo‘lib tushayotganini, quruq bayonchilikka, tavsifga intilish, poetik kashfiyotlar o‘rniga hayotiy faktlarni qayd qilish bilan cheklanish hollari ko‘plab uchrayotganini aniq misollar bilan tanqid qiladi. Zamondosh shoirlar she’rlari tahlili asosida ijod ahlini poeziyaning umumiy saviyasiga putur yetkazadigan, uni qanotdan mahrum qilib, ritorika va deklaratsiyaga aylantiradigan illat – illyustratsiyachilikdan, ya’ni yuzaki tasviriylikdan saqlanish zarurligi haqida ogohlantiradi.

Poeziyaning intellektualligi – ijoddagi izlanuvchanlik samarasini belgilovchi bosh omil. Biroq bu tushuncha har doim ham adabiyotshunoslar, shoir-u adiblar tomonidan turlicha talqin etilgan, unga munosabat har xil bo‘lgan. Ozod Sharafiddinovning bu boradagi nuqtayi nazari ham o‘ziga xos. Jumladan, olim bunday yozadi: “Ba’zilar poeziyaning intellektualligi deganda, g‘oyat murakkab tashbehlarni, benihoya mavhum fikrlarni tushunishadi. Menimcha, bu to‘g‘ri emas. Chinakam intellektuallik hayot haqidagi mulohazalarning chuqurligi va originalligida ko‘rinadi”. Lirikada intellektuallik chuqur bo‘lishining ahamiyati haqida bahs yuritgan olim u poeziyada falsafiy lirikaning kuchayishiga, o‘tkir umumlashmalarning ko‘payishiga olib kelishini alohida ta’kidlaydi.

Muttasil izlanuvchanlik – Ozod Sharafiddinov she’rshunosligining xos xususiyati. Mustaqillikka erishilgach, olim “Adabiyotda diniy ohanglar” sarlavhali maqola yozdi. Unda diniy mavzuga bag‘ishlangan barcha adabiy tur va janrlardagi asarlar qatori shu yo‘nalishdagi she’riyat namunalari haqida ham teran kuzatishlarini bayon etdi. “Modernizm – jo‘n hodisa... emas”  sarlavhali adabiy suhbatda she’riy ijoddagi shakl va uslubga doir izlanishlarga xolis baho berdi. Boshqacha aytganda, adabiyotda, she’riyatda paydo bo‘lgan biror hodisa ustoz olimning tiyrak nazaridan chetda qolgan emas. 

Ozod Sharafiddinov she’rshunosligiga xos to‘rtinchi mezon – yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy kamolotiga qanot bag‘ishlashdir. “Zamon, qalb, poeziya” kitobidayoq olim she’riyatimiz rivojida yoshlarning hissasi katta bo‘layotganidan, poeziyaning ertasiga ishonch va umid bilan qarash mumkinligidan behad quvongan edi. Ustoz she’rshunosning Abdulla Oripov va Erkin Vohidov singari XX asr o‘zbek she’riyatining zabardast vakillari, adabiyotimiz qahramonlarini ilk she’rlaridanoq qo‘llab-quvvatlagani, ularning ijodiy kamolotiga qanot bag‘ishlagani buning dalilidir. 

Olimning “Nihollar” maqolasi adabiyotga dadil kirib kelayotgan yosh iste’dodlar ijodiga bag‘ishlangan. U Tesha Saydaliyev, Husniddin Sharipov, Oxunjon Hakimov, Xayriddin Saloh, Shukrulla, Toshpo‘lat Hamid, Yusuf Shomansur, Habib Sa’dulla kabi o‘sha davrning yosh ijodkorlari she’riy to‘plamlarini iste’dodning yuzaga chiqishi sifatida baholadi. Gulchehra Jo‘rayeva, E’tibor Oxunova singari ayol ijodkorlarning dadil qalam tebratayotganidan quvondi. Originallik talantning dastlabki belgisi ekanini ta’kidlagan olim tematika, janr, poetik obrazlar va she’rning boshqa komponentlari poeziyada bosh maqsad emas, vosita ekanini, bosh maqsad esa voqelikni ohorli aks ettirish, uning muhim tomonlarini, yangi qirralarini ochib berish ekanini ta’kidlaydi. Ijodkor faqat san’atkorgina emas, o‘tkir zehnli mutafakkir, chuqur idrokli faylasuf ham bo‘lishi kerakligini, yoshlar bugungi adabiyotimiz taqdiri uchun javobgar ekanini uqtiradi.

Olim  bugun el ardog‘idagi ko‘plab iste’dodlarga chin ma’noda ustozlik qildi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ijodiy istiqboli haqida bildirgan quyidagi fikrlari ham buni tasdiqlaydi: “Shoirlar har xil tug‘iladi. Shoirlarki bor, go‘dak atak-chechak qilib yo‘l yurishni o‘rgangandek, ko‘p yillar davomida she’riyat alifbesini o‘zlashtiradi, har xil shoirlarga ergashib ko‘radi, izlanadi va bora-bora qiynalib bo‘lsa-da, o‘z yo‘lini topib oladi. Shoirlarki bor, birinchi qadamlaridanoq hammani lol qoldirib, tuyg‘ularini, hislarini, fikrlarini tutilmagan obrazlarga burkab, “afsonalarning tushiga kirmagan so‘zlar”da kuylay boshlashadi. Ularni “yosh shoir” degan tushunchaga sig‘dirish qiyin. Ular yoshi kichik bo‘lsa-da, she’ri, she’riy tafakkuri balog‘atga yetgan bo‘ladi. Nazarimda, Sirojiddin Sayyidni ana shunday “tayyor” shoirlar toifasidan desak, xato bo‘lmaydi”. 

Umuman, Ozod Sharafiddinovning she’riyat haqidagi tadqiqotlari she’rshunos qanday bo‘lishi kerakligi, poeziyani baholashda qay bir mezonlarga tayanish zarurligi haqida teran xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ishonch bilan aytish mumkinki, xuddi ana shu fazilatlari bois olimning boshqa asarlari qatori she’riyat tahliliga oid ilmiy ishlari ham mudom milliy adabiyotimiz ravnaqiga, she’rshunoslarning yangi navqiron va salohiyatli avlodlarini tarbiyalab yetishtirish ishiga munosib xizmat qilaveradi.

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor.

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haqiqatparast