Hamza Mirzayev: Har bir bola, o‘zi bir dunyo
Insoniyat yaralibdiki, doim o‘rganishga muhtoj. Chunki yuksalmoq uchun izlanmoq talab etiladi. Shunday soha vakillari borki, ular izlanish orqali qolganlarni yuksaltiradilar.
Bular mashaqqatli, ammo chinakam sharafli kasb egalari —ustozlardir. Ular go‘yo tosh yo‘nib, kishilarga buloqdan suv olib kelishga otlangan qahramonlarga o‘xshaydi. Negaki, har bir qalbni ilm chashmasidan sug‘orish bir qarashda oson tuyiladigan, biroq har kim ham eplolmaydigan mushkulotdir. Bugun ana shunday sharaf uchun yaralgan ustozlardan biri haqida fikr yuritamiz.
Qahramonimiz Hamza Mirzayev 1973-yil 1 dekabrda Samarqand shahrida tavallud topgan. Tabiiyki, chaqaloq tug‘ilgan har bir xonadonda shodiyonalik bo‘ladi. Biroq, Mirzayevlar xonadonida bu hol kuzatilmadi. Chunki, taqdir taqozosi bilan chaqaloq ko‘zida nuqsoni bilan tug‘ilgan edi. Har narsaning bir hikmati bor, deganlaridek qahramonimizning oilasi uni davolatishga qanchalik urinishmasin, barchasi zoye ketdi. Biroq, uning baxti halol va mehnatsevar oilada tug‘ilganida edi. Har qanday sinovga qat’iyatini namoyon etadigan ota uni ham ilmga, mehnatga undadi.
Samarqand shahridagi 59-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab- internatida o‘qitish bilan birga musiqaga jalb qildi. Uydagi musiqiy muhit va muhabbat uni kuchli musiqachi bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ldi. Maktabni a’lo baholarga tugatgach, hozirgi O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat institutiga talabalikka qabul qilindi. Shundan so‘ng Samarqand davlat universitetini ham o‘qib tugatdi.
Hamza Mirzayev pedagogik faoliyatini 1999 yildan o‘zi o‘qigan maktab-internatida boshlagan. Hozirgi kunga qadar ko‘zi ojiz bolajonlarga musiqa fanidan saboq berib kelmoqda. Uning bir qancha shogirdlari respublikaning nufuzli tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.
— Salkam o‘ttiz yildan buyon o‘qituvchilik qilib kelayotgan bo‘lsam, minglab o‘quvchilarga dars berdim. Har bir bola alohida dunyo,— deydi Hamza Mirzayev. — Ayniqsa, ko‘zi ojiz bolajonlarimizning ko‘ngli boshqalarga qaraganda ancha nozik bo‘ladi. Ularning ko‘nglini topish bilan birga bilim berish ham mashaqqatli, ham yoqimlidir. Shu vaqt mobaynida qancha avlodlar almashinuviga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, bugungi kun yoshlarining salohiyati, dunyoqarashi meni quvontiradi. Yurtboshimiz bot-bot ta’kidlayotgan uchinchi renesans quruvchilariga ta’lim-tarbiya berayotganimdan o‘zimni baxtiyor his qilaman.
Ta’kidlash joizki, qahramonimizning mehnatlari e’tiborsiz qoldirilmay “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
— Men umr yo‘ldoshimning shogirdlariga bo‘lgan munosabatlariga doim hayratda bo‘lganman. Ko‘plab shogirdlarini uyimizga olib kelib, oilamiz a’zosi kabi parvarishlab, kelajakda o‘z yo‘llarini topib ketishlariga qo‘llaridan kelgancha yordamlarini ayamaydilar. Men ham ularning shogirdlariga farzandimiz kabi munosabatda bo‘laman”,— deydi qahramonimizning umr yo‘ldoshi Gavhar Abdurahmonova.
Albatta, ustoz Hamza Mirzayevning faoliyati, insoniyligi va kasbga bo‘lgan sadoqati har qanday yosh pedagoglarga o‘rnak bo‘lmog‘i lozim. Ustozlar neki ezgulik bo‘lsa, shogirdlariga ravo ko‘radilar. Shunday ekan, biz shogirdlar ham ularga hurmat va ehtiromda yashamog‘imiz shart.
Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek, ularning bizga bir harf o‘rgatganlari mashaqqati haqqini hech qanday xazina bilan ado etolmaymiz.
Sherbek Islomov, O‘zA