Namanganda sog‘liqni saqlash muassasalarining o‘rta tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi “Hamshira-2025” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovda viloyat davolash-profilaktika muassasalari hamda shahar, tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan 12 nafar hamshira qatnashib, o‘zining bilimi, mahorati va zukkoligini sinab ko‘rdi.
Mazkur tadbir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov mohir hamshiralarni qutlar ekan, kasbiy mahoratni oshirish, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarni boyitish sari intilayotgan salomatlik posbonlariga omad tiladi.
To‘rtta shart asosida olib borilgan tanlovda dastavval qatnashchilarning sohaga oid amaliy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqichda esa ular nazariy bilimlarni nechog‘lik o‘zlashtirganliklari ko‘zga tashlandi. Ijtimoiy-siyosiy bilimlar imtihoni ham g‘oyat qizg‘in kechdi. Tezkor savol-javoblar musobaqasida kimning nimaga qodirligi yaqqol ko‘rindi.

Tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning mahorat, malaka va bilim salohiyatini xolisona baholab bordi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball jamg‘argan va hamkasblaridan bilimdonligi bilan alohida ajralib turgan Yangiqo‘rg‘on tumanlararo qo‘shma shikast va o‘tkir qon-tomir kasalliklari bo‘limi hamshirasi Feruza Rahimjonova g‘olib chiqib, “Hamshira-2025”ning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Namangan tumani tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi hamshirasi Umida Asqarova faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Namangan shahar bolalar shifoxonasi hamshirasi Nilufar Ikromova esa uchinchi pog‘onaga munosib ko‘rildi.

Tanlov g‘oliblari va faollar tadbir tashkilotchilarining diplom, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, el-yurt orasida hurmat qozongan, yutuqlarga erishib kelayotganlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, o‘z kasbining mohir egalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan bu kabi tanlovlar chinakam matonat va jasorat sohibi bo‘lgan hamshiralarning kasbiy ko‘nikmasini oshirishda o‘z o‘rniga ega.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA