“Hamshira –2024”: bahslar murosasiz o‘tdi
Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Hamshira-2024” ko‘rik- tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik -tanlovda tibbiyot markazining 5 nafar hamshirasi hamshira tashrifi (tanishtiruv), tibbiy sohaga doir amaliy bilimlar ko‘rigi, ijtimoiy – siyosiy bilimlarga doir bahs, tibbiy bilimlarga oid tezkor savol-javoblar, odam anatomiyasi va fiziologiyasi shartlari asosida musobaqalashdi.


Bahslar qizg‘in va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Tanlovga bir- biridan iqtidorli hamshiralar chuqur tayyorgarlik ko‘rgani hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan alohida e’tirof etildi.
Faxrli 3-o‘rin markazning otolaringologiya bo‘limi hamshirasi Shahnoza Olimovaga nasib etdi. 2-o‘rinni esa kardioxirurgiya bo‘limi hamshirasi Dilshoda Murodova egalladi.


Tanlovda 1-o‘ringa yuz-jag‘ xirurgiya bo‘limi hamshirasi Dilnoza Rashidova munosib deb topildi.
Tanlov qatnashchilariga Markaz tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri