9 may – Xotira va qadrlash kuni
Bundan bir yil muqaddam “Sardoba” suv omborida falokat ro‘y berganida odamlarni qutqarish ishlarida qatnashgan ikki nafar Milliy gvardiya xodimi cho‘kib ketgan edi.
Ulardan biri sirdaryolik qahramon Husniddin Suyarov haqida to‘liq ma’lumot bergan edik. Kuchli suv oqimida bedarak yo‘qolgan ikkinchi qahramon haqida esa ko‘pchilik bilmaydi.
O‘sha vaqtda oradan ikki oy o‘tgach, uning shaxsini aniqlash, otasi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgandim. Biroq otaxon o‘g‘lining qaytib kelishidan hamon umidvor edi. Uning umidini so‘ndirmaslik uchun maqolani e’lon qila olmadim...
“Sardoba”dagi fojiaga bir yil bo‘lgach,o‘sha paytda yozilgan maqolani e’lon qilishga qaror qildim.Quyida o‘sha maqola bilan tanishing:
“Sardobadagi suv omborida falokat ro‘y berganida odamlarni qutqarish ishlarida qatnashgan ikki nafar Milliy gvardiya xodimidan biri sirdaryolik qahramon Husniddin Suyarov haqida to‘liq ma’lumot bergan edik. Kuchli suv oqimida bedarak yo‘qolgan ikkinchi qahramon kim edi?
Ikkinchi qahramon – Hazrat Suyunov bo‘lib, u purviqor tog‘lari bilan mashhur Nurotadek bir yurtda tug‘ilib o‘sgan. O‘zi ham o‘sha tog‘lardek viqorga, qat’iyatga ega yigit bo‘lgan.
Uning otasi Navoiy viloyati Nurota tumani Chashma qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Karomat Shirinov bilan muloqot qilar ekanman, otadagi hamon o‘lmagan umidni ko‘rdim. O‘g‘lining bedarak ketganiga ikki oy bo‘layotgan bo‘lsa ham, otaxon uning qaytib kelishidan hamon umidvor...
Bir oyog‘i Nurotada bo‘lsa, bir oyog‘i Sirdaryoda bo‘lgan Karomat aka hech kimga ishonmay o‘g‘li cho‘kib ketgan joyni, Hazratning sherigi Husniddining jasadi topilgan manzilni qayta-qayta qidirib ko‘rdi. Topolmay hafsalasi biroz pir bo‘lsa ham umidini hali yo‘qotmadi. Axir alpkelbat, bolalikdan sport bilan shug‘ullanib chiniqqan, kuragi yerga tegmagan o‘g‘lonining yengilishi mumkinligini u tasavvur ham qila olmaydi.
Uch o‘g‘ilning kenjasi bo‘lgan Hazratjon juda intiluvchan, armiyada xizmat qilib yanada chiniqqandi. Shuning uchun ham u Milliy gvardiya safiga hech bir to‘siqsiz qabul qilingan edi.
– Uch kilometr masofaga yugurish bo‘yicha imtihonda o‘nlab yigitlar ichida mening o‘g‘lim marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan, – deydi faxr bilan otaxon. – O‘g‘lim jiddiy, kamgap bo‘lsa ham juda mehribon edi. Har kuni kamida ikki marta telefonda suhbatlashardik. Sardobadagi voqea sodir bo‘lganidan bir kun oldin gaplashgan edik. Ishda, navbatchilikda ekan. Ertalab esa o‘zi qo‘ng‘iroq qilavermagach, o‘zim qildim. Javob bo‘lmadi. Kelinimdan so‘rasam, hali uyiga bormagan ekan. Shu orada suv omboridagi voqea haqida eshitib qoldim. Xavotir ola boshladim. Shu taxlit ikki kun o‘tdi. Uchinchi kuni Milliy gvardiyaning viloyatimizdagi mas’ullari uyimga kelib, vaziyatni tushuntirdi. Yuragim qorong‘u tortdi, biroq umid qilib qarindoshlar bilan Sardobaga yo‘l oldik. Borib o‘zimiz ham qidirdik, xizmatdoshlari jonini ayamay safdoshini qidirayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bu mavhumlik oson emas, biroq ishonchimni yo‘qotmayman. Yaxshiyam onasi rahmatli bo‘lib ketgan. Bo‘lganida u bu holni ko‘tara olmasdi.
(Hazratning onasi Feruza opa 2016 yilda 49 yoshida xastalikdan vafot etgan).
1992 yil 1 iyun kuni tug‘ilgan Hazrat Suyunov Milliy gvardiya harbiy qismlaridan birida maxsus vazifalarni bajaruvchi guruh mutaxassisi (mergani) bo‘lib ishlayotgan edi.
Uning turmush o‘rtog‘i Shohistaxon ham endigina olti oylik bo‘lgan o‘g‘li Shavkatni bag‘riga bosib, sabr va umid bilan hamon kutmoqda.
Hazratjon birinchi farzandiga Prezidentimizga havas qilib Shavkat deb ism qo‘ygan ekan.
Eh, umidlar... Qani endi, ular so‘nmasa...”
Shu bo‘yi Karomat akaga qo‘ng‘iroq qilishga jur’at topa olmadim. Uning umidini yo‘qotganini eshitishni istamadim, to‘g‘risi.
Oradan bir yil o‘tdi. Hazrat haqida hech qayerda yozilmadi. Uning xotirasi hurmati yana qo‘limga qalam olar ekanman, Karomat akaga qo‘ng‘iroq qildim.
Amaki meni darrov tanidi, jigarbandini yo‘qlab qo‘ng‘iroq qilayotganimdan juda mamnun bo‘ldi. Qizig‘i, otaxon hali umidini yo‘qotmaganini aytdi. Eh, ota qalbi...
Otaxonning aytishicha, Sardobadagi falokatdan olti oy o‘tib, Hazratning o‘limi hujjatlarda tan olingan. Din ulamolari yigitning shahid ketgani, unga janoza o‘qilmasligi va aza tutilmasligini aytishgan. Zero, yurt uchun shahidlik yuksak maqomga ega.
Shu kunlarda Hazrat Suyunov o‘qigan Nurotadagi 10-maktabga uning byusti o‘rnatilmoqda. Bunday byust Hazrat Suyunov va u bilan birga qurbon bo‘lgan Husniddin Suyarovga Sirdaryo viloyatidagi Uchtom qishlog‘iga ham o‘rnatilib, xotirasi abadiylashtiriladi. Chunki ular aynan o‘sha yerda cho‘kib ketgan.
Hazratning o‘g‘li Shavkat hozir bir yarim yashar bo‘libdi. Endigina atak-chechak bo‘layotgan shu bolakay Karomat akaning so‘nmas umidi, aslida.
Norgul Abduraimova,
O‘zA