Hammasi o‘zimizga bog‘liq
Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” she’rining g‘oyasini ko‘pchilik biladi. Ya’ni, tashlandiq ushoq yeb, bor-yo‘g‘i mudroq tollarning achchiq xazonini ko‘rib kuni o‘tayotgan tilla baliqcha tor, loyqa hovuzni dunyo deb bilishi shoirga alam qiladi. Menga ham alam qiladi.
Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” she’rining g‘oyasini ko‘pchilik biladi. Ya’ni, tashlandiq ushoq yeb, bor-yo‘g‘i mudroq tollarning achchiq xazonini ko‘rib kuni o‘tayotgan tilla baliqcha tor, loyqa hovuzni dunyo deb bilishi shoirga alam qiladi. Menga ham alam qiladi.
2020 yilning 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida davlat rahbari muammolarni tan¬qid ostiga olib, xalqimizning dilidagi gaplarni aytar ekan, jumladan, shunday dedi: “Darhaqiqat, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar o‘z vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qat’iyatli bo‘lishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi shart”.
Haq gaplar.Shu bois yig‘ilishda davlatimiz rahbari deputat va parlament a’zolarini ko‘proq kitob o‘qishga ham undadi. Ochig‘i, odamlar orasida gohida shunday gaplar ham quloqqa chalinadi: “Ba’zi qonun loyihalarini xalq manfaatidan kelib chiqib emas, kimlardir o‘z manfaatlariga moslab, monopoliya yaratib, uni nomiga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, deputatu parlament a’zolariga tasdiqlatib, amaliyotga joriy qilmoqda!”
Ha, o‘tgan yillar davomida shunday hujjatlar taqdim etilgani ham sir emas. Hatto go‘yo ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bahonasida bojxonamiz orqali chetdan keladigan maishiy texnika vositalari cheklandi. O‘zimizdagi narxi juda baland “milliy mahsulot”imizni sotib olishga “qonunan majburlaydigan” hujjatlar loyihalari tayyorlandi, ma’qullandi. Xususan, chegaramizdan O‘zbekistonning har bir fuqarosi 6 oyda bor-yo‘g‘i 1 dona maishiy texnikani bir marta olib o‘tishga ruxsat beruvchi cheklovlar “o‘ylab topildi”. Oqibatda mahalliy bozordan ayrim raqobatga mo‘rt mahsulotlarni o‘zimiz sotib olishimizga to‘g‘ri keldi...
Bir necha kun avval qo‘shnimiz Gulnora opa “G‘ishtko‘prik” postidan qo‘ng‘iroq qildi va shunday dedi:
– Uka, televidenieda ishlaydigan tanishingiz yo‘qmi?
– Tinchlikmi? O‘zim ishlayman.
– Qozog‘istondan ro‘zg‘orga “xolodilnik” olib kelayotgandik, televidenie kelgan deb o‘tkazishmayapti. O‘shanga TVchilarga aytsak, o‘tkazib yuboradimi, deyman-da!
– Bojxona qo‘mitasining matbuot xizmatida kasbdoshim ishlaydi, hozir unga aytib ko‘raman, – dedim ochig‘i dabdurustdan nima deyishni bilmay.
Dam olish kuni bo‘lgani uchunmi, kasb¬doshim qo‘ng‘irog‘imga javob bermadi. Xijolat bo‘lib, qo‘shnimga vaziyatni tushuntirdim. Shunda u: “Televidenieda shunaqa mavzularni yoritsanglar, bo‘lmaydimi?” – dedi. Javob bera olmadim...
Kechagina ana shu qo‘shnim bilan uchrashib qoldim. Uning aytishicha, bizdagi 3 000 000 so‘mlik sovutgichni Chimkentdan 1 750 000 so‘mga olibdi. Chegara postida ularni bir-ikki soat ushlab turishibdi, u yerdagilar sovutgich uchun 1 mln. 100 ming so‘m bojxona haqi olmoqchi ham bo‘lishibdi, ammo keyin “niyatlaridan voz kechib” o‘tkazib yuborishibdi. Qo‘shnim gurung beryapti: “Bizdagi 800 ming, 1 mln. so‘mlik mikroto‘lqinli pech Chimkentda 500 ming so‘m, bizda 2 mln. so‘mlik televizorlar u yoqlarda 1 million so‘m ekan”.
To‘g‘risi, Chimkentga borganim yo‘q, shu bois narx-navosidan ham o‘zim shaxsan xabardor emasman. Mabodo qo‘shnimning gaplari rost bo‘lsa, u yoqdagi maishiy texnikalarning rusumi, sifati, quvvati, boringki hamma narsasi bizdagidek bir xil bo‘lsa-yu narxida shuncha tafovut bo‘lsa, bu chindan ham g‘alati parodoks, shunday emasmi?
Bunday cheklovlar shunchaki paydo bo‘lmaydi. Prezident shunga o‘xshash hujjatlar qabul qilinishida uni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaydigan qo‘g‘irchoq deputatlar emas, u hujjatlarga Rasul Kusherbaevga o‘xshab, xalq manfaatidan kelib chiqib yondashadigan, ma’nodor qilib aytganda, jasoratli, kitob o‘qigan – bilimli shaxslarning ko‘p bo‘lishini istayapti. Xalq ham aynan shuni istaydi!
Darvoqe, 2019 yili katta pulga mashinalarni “tonirovka” qilish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan mahal 150 deputat orasidan Kusherbaevning bitta o‘zi bunga qarshi chiqib, unga ta’sir qila olganda, kimdir internetda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha deputatlariga qarata sha’ma qilib yozgandi: “Kusherbaev va boshqalar!” Qanchalik achchiq haqiqat edi o‘sha gap! Oliy Majlisda KUShERBAEV – bosh¬qalar!
Kusherbaev to‘g‘ri yo‘lda – xalq manfaati yo‘lida ekanini xalqimiz allaqachon tan olgan. Bugun davlat rahbari ham e’tirof etdi. Ya’ni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida saylovdan keyingi ilk yig‘ilishda Prezidentimiz deputat Rasul Kusherbaevning fao¬liyatini yuqori baholadi.
“Ayniqsa, Rasul to‘g‘risida ko‘p gaplar bo‘ladi, hammagayam yoqmaysan, menga yoqasan... Birinchi qadam bilan, biz yaxshilarimizga mana shunday ehtirom ko‘rsatsak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Bu haqiqatning tan olinishi, bu ochiqlik va demokratik davlat sari tashlanayotgan qadamlarimiz. Qani, endi Qonunchilik palatasidagi qolgan 149 nafar deputatning hammasi ham Rasul Kusherbaevdek bo‘lsa! Saylangan deputatlarning hammasi ham haqiqat tarafida bo‘lib, xalq ishonchini qozongan Kusherbaevday ishlasa. Shundagina biz xalq hokimiyatini qura olamiz.
Alqissa, Yurtboshimiz haqli tarzda aytganidek, bilimli deputatlarimiz ko‘p bo‘lishi uchun esa butun mamlakat ahli kitobga qaytishi kerak. Shunda parlamentu boshqaruv tizimida adolatli, xalq¬parvar insonlarning soni ortadi.
Darvoqe, o‘sha yig‘inda Prezidentimiz: “Ko‘p odamlarga jurnalistlar yoqmaydi, lekin ular menga yoqadi”, – dedi. Bu so‘z erkinligi ta’minlanadigan, haqiqattalablarning huquqlari himoya qilinadigan va adolatli jamiyat sari borayotganimizga isbot bo‘luvchi yaxshi “signal”. Ammo bu ovozni haqiqat ovozlariga aylantirish esa ko‘proq o‘zimizga bog‘liq.
Fozil FARHOD,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
matbuot xizmati rahbari.