Hamma masala Prezidentgacha borishi shart emas
Olti yildan buyon avgust oyida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi an’anaga aylanib qoldi. Aslida, Prezidentimiz qaysi hududga borsa yoki mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazsa, avvalo, tadbirkorlar masalalariga e’tibor qaratmoqda. Busiz iqtisodiyotni mustahkamlash, taraqqiyotni ta’minlash mumkin emasligini barcha darajadagi rahbarlar ongiga singdirishga intilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da Prezidentimiz yilda bir marta tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning muammolarini, taklif va tashabbuslarini eshitishga vaqt ajratyapti, davlat ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlashini amalda ko‘rsatib beryapti. Shuning uchun ham aynan davlat rahbari tashabbusi bilan 20-avgust mamlakatimizda rasman “Tadbirkorlar kuni” deb belgilandi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot ham aynan shu sana arafasida o‘tkazilmoqda.
Keyingi yillarda bu uchrashuvga ancha vaqt oldin tayyorgarlik boshlanib, imkon qadar, barcha tadbirkorlarni qamrab olishga e’tibor qaratilmoqda. Respublikada va hududlarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shtablari tashkil etilib, avvaldan murojaatlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar ham davlat rahbari bilan uchrashuvgacha joylarda tadbirkorlar uchun qabullar tashkil etib, ularni eshitmoqda, muammolari bo‘lsa hal etishga harakat qilmoqda.
Samarqand viloyatida ham bu yilgi uchrashuvga tayyorgarlik ancha barvaqt boshlandi. Viloyat hokimligi tomonidan tegishli boshqarma va idoralar mas’ul xodimlaridan iborat shtab tashkil etildi hamda iyun oyidan buyon Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi binosida barcha texnik jihozlar bilan ta’minlangan holda 24/7 rejimida tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilmoqda.
– Shtabning asosiy vazifasi viloyatimiz tadbirkorlarining Prezident bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish, ular duch kelayotgan muammolar, ilgari surayotgan taklif va tashabbuslarini o‘rganish, yechim topishdan iborat, – deydi Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shtabi kotibi Fazliddin Rahmatov. – Buning uchun shtabda tegishli tashkilotlarning 20 nafar xodimi doimiy faoliyat ko‘rsatib, onlayn platforma, 1100, 1094 qisqa raqamlari orqali hamda bevosita tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilmoqda. Murojaatlar belgilangan tartibda mutasaddi idoralar tomonidan ko‘rib chiqilib, muloqotgacha hal etish choralari ko‘rilmoqda. Vazirlik va idoralar, xorijiy davlatlar bilan bog‘liq masalalar esa respublika shtabiga taqdim etilmoqda. 14-iyul holatiga ko‘ra, viloyat shtabiga 135 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan turli yo‘nalishlardagi murojaatlar va muammoli masalalar kelib tushdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur murojaatlarning 88 tasi ijobiy hal etildi, 6 tasi amaldagi qonunchilik talablari asosida rad etildi, 41 tasi bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ish olib borilmoqda.
Masalan, Bulung‘ur tumanidagi “SHAMSHIDIN JALILOV DALASI” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Jalilov Niderlandiyadan import qilgan urug‘lik kartoshkani hujjatlardagi ayrim kamchiliklar sababli karantin ruxsatnomasi muddati o‘tib ketgani vaji bilan yurtimizga olib kirish rad etilayotganini bildirib, shu masalada yordam so‘ragan. Ushbu murojaat belgilangan tartibda karantin agentligi va bojxona qo‘mitasiga yo‘naltirildi hamda fermerning muammosi ijobiy hal etildi.
Mas’ulning qayd etishicha, ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat shtabi faoliyat ko‘rsatishi bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari bilan ishlovchi 37 idora va tashkilotning 15-maydan 15-avgustgacha tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlanib, bu tadbirlar joylarda tashkil etilmoqda. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari ham har hafta tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammolari bo‘lsa, hal etish choralarini ko‘rmoqda. Birgina viloyat hokimi shu paytgacha joylarda tadbirkorlar bilan 13-marta ochiq muloqot qildi. Bu uchrashuvlarda 249 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan bildirilgan muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularning 56 foizi ijobiy hal etildi, 17 foiziga rad javobi va 26 foizi yuzasidan tushuntirish berildi. Murojaatlarning 42 tasi soliq, bank-moliya tizimlari, 35 tasi auksion sadolari, yer va bino-inshoot ajratish, 56 tasi kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, arxitektura va kadastr, 28 tasi pul mablag‘larini undirish, 24 tasi faoliyatga noqonuniy aralashuv, 22 tasi ruxsatnoma va litsenziya olish masalalari bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha mas’ul idora va boshqarmalar tomonidan o‘rganilib, yechimi bo‘yicha xulosalar berilmoqda.
Bundan tashqari, respublika darajasidagi idoralar, vazirlik va davlat qo‘mitalari mas’ullari tomonidan ham Prezident ochiq muloqoti oldidan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Biznes ombudsman, Markaziy bank, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi, Kadastr agentligi rahbarlarining uchrashuvlarida samarqandlik ishbilarmonlarning ellikdan ortiq muammoli masalalari ijobiy hal etildi. Kuni kecha o‘tkazilgan “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari bilan muloqotda ham mazkur tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ndan ortiq tadbirkorlar qatnashib, bir qator muammolari masalalariga yechim topdi.
– O‘tgan yil davlat rahbari bilan ochiq muloqotgacha viloyatimizdagi tadbirkorlardan 1000 ga yaqin murojaat, taklif va tashabbuslar bildirilgan edi, – deya so‘zida davom etadi Fazliddin Rahmatov. – Joriy yilda bu raqamlar oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, takliflar juda ko‘p. Tadbirkorlarimiz muammolari muloqotgacha hal etilishiga ishonchlari oshgani barobarida bildirayotgan har bir taklif, tashabbuslari davlat rahbarigacha yetib borayotganini his qilishmoqda. Bu takliflar uchrashuvdan keyin qabul qilinayotgan Prezident farmon va qarorlarida o‘z aksini topmoqda. O‘tgan yil samarqandlik tadbirkorlarning oltita taklifi ochiq muloqot yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorga kiritildi va bu nafaqat ularning, balki respublikamizdagi ko‘plab ishbilarmonlarning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu yil ham mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, eksport va import operatsiyalarini tezkor amalga oshirish, ruxsat berish va litsenziyalash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bir qator takliflar kelib tushdi. Biz bu takliflarni respublika shtabiga taqdim etdik va ayni paytda ekspert guruhi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
[gallery-30425]
Bu yilgi muloqotning samarqandlik tadbirkorlar uchun yana bir e’tiborli tomoni, davlat rahbari yurtimiz tadbirkorlari bilan Samarqandda uchrashishni rejalashtirgan. Ayni paytda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Savdo-sanoat palatasi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa vazirlik, idoralar tomonidan mazkur tadbirni yuksak saviyada tashkil etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari