Hindiston poytaxti Dehlidagi “Jamia Millia Islamia” universitetida Javoharla’l Neru universiteti bilan hamkorlikda “Doro Shukuh: madaniy yangilanish va diniy bag‘rikenglik” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda zamonaviy boburshunoslikka oid muhim masalalar o‘rtaga tashlandi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Erondan 200 ga yaqin olim va tadqiqotchi ishtirok etgan tadbir keng jug‘rofiy makonda boburshunoslikning umumiy tamoyillarini shakllantirish, ilm ahlini yanada jipslashtirish maqsadida tashkil qilingan.
Ma’ruzalarda ilm-fan ellarni ellarga bog‘laydigan ko‘prikligi, ilmiy ijodiy hamkorlik orqali xalqlar va mamlakatlar do‘stligi mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.

- Ulug‘ ajdodlarimiz teran ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy rishtalar bilan bog‘langan. Mushtarak ildizlarimiz naqadar qadimiyligini buyuk qomusiy olim, mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, atoqli shoir, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida yaqqol ko‘rinadi. Tarixan saqlanib kelayotgan, ming- ming yillik an’analarga ega aloqalar globallashayotgan davrda yanada mustahkamlanmoqda. Tafakkur, dunyoqarash g‘oyat tezkorlik bilan yangilanayotgan dunyoda ilmiy-amaliy anjumanlar, adabiy-madaniy tadbirlarning o‘rni, tarbiyaviy ahamiyati beqiyos, - deydi Qozog‘iston Respublikasidagi J.Tashenev nomli universitet xalqaro ishlar departamenti rahbari, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Naraliyeva.

Har bir xalq umuminsoniy qadriyatlar silsilasiga o‘zining eng olijanob milliy fazilatlari majmuasi bilan kirib keladi. Shu nuqtai nazardan diniy bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Farg‘ona davlat universiteti professori, pedagogika fanlari nomzodi Nilufar O‘rinova fikricha, shaxsning ma’naviy yuksalishida millatlararo do‘stlik muhim qiymat kasb etadi:

– Hindistonda birinchi bo‘lishim. Ertaklardagidek go‘zal mamlakatda o‘zimizni aslo begona his qilganimiz yo‘q. Samimiyati, muhabbati yuzida balqib turadigan, mehmonga xuddi o‘zbeklardek alohida mehr ko‘rsatadigan hind olimlari bilan yaqindan tanishganimizdan mamnunmiz. Bugungi kunda sayyoramiz istiqboli tinchlik va diniy bag‘rikenglik, madaniyatlararo uyg‘unlik va millatlararo totuvlik kabi omillar bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Boburiylar sulolasi vakili sifatida Doro Shukuh shaxsiyati va merosiga ko‘rsatilgan alohida e’tibor uchun tashkilotchilarga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

- Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham diniy bag‘rikenglik mustahkam qaror topgan, inson qadri, sha’ni ulug‘lanayotgan mamlakatlar sifatida jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda, - deydi Qozog‘iston Respublikasidagi M.Avezov nomli universitet dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hamidulla Tojiyev. – Piri komil Ahmad Yassaviy, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburshoh, Doro Shukuh kabi mutafakkir bobolarimiz mudom e’zozlagan do‘stlik, birodarlik, totuvlik, ezgulik kabi insoniy fazilatlar qatorida diniy bag‘rikenglik ham qadrlanishi, ilmiy tamoyillar asosida tadqiq qilinishi yangi muloqot maydoniga asos bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, ilm ahli, ziyoli ijodkorlar olijanob g‘oyalar, ezgu niyatlar yo‘lida hamkor, hamjihat yashashi millatlararo totuvlikni mustahkamlaydi, kishilik jamiyati ravnaqi uchun siyosiy va falsafiy tamoyillarni birlashtiradi. Anjuman doirasida O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqovaning ingliz va hind tillarida Dehlida chop etilgan “Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi...” she’riy to‘plami hamda atoqli yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim”, “Gavharshodbegim”, “Nodirai Davron” kabi tarixiy romanlari, taniqli shoir Abdusaid Ko‘chimovning ”Kuzgi osmon” kitobi, O‘zbekiston xalq artisti, professor Gavhar Matyoqubova va kaminaning “Xorazm “Lazgi” raqsi” monografiyalari taqdimoti o‘tkazildi. Agradagi Tojmahalga sayohat, Dehlidagi Humoyun Mirzo va Nizomiddin avliyo maqbaralari ziyorati ham mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Hulkar Hamroyeva,
filologiya fanlari doktori