Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi
Bugungi globallashuv davrida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorlik ko‘lami ularning nufuzi, ilmiy salohiyati va raqobatbardoshligini belgilaydigan eng muhim omillardan biriga aylandi. Ilg‘or xorijiy universitetlar bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni rivojlantirish va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash mamlakat taraqqiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning mustahkam poydevorini yaratadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida ta’lim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shu islohotlar samarasi o‘laroq Buxoro davlat universiteti ham xalqaro hamkorlik geografiyasini izchil kengaytirib, dunyoning yetakchi universitetlari bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda.
Ayni kunlarda Belarus Respublikasiga borish uchun amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov boshchiligidagi delegatsiya mamlakatning eng nufuzli va qadimiy oliy ta’lim muassasalaridan biri — Belarus davlat universitetida bo‘ldi. Tashrifda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Mamurov hamda ikki oliy ta’lim muassasasining mas’ul vakillari ishtirok etishdi.
Mehmonlarni Belarus davlat universiteti rektori Andrey Korol boshchiligidagi rahbariyat samimiy kutib oldi. Uchrashuvda universitetning o‘quv ishlari va ta’limni internatsionallashtirish bo‘yicha prorektori Viktor Kochin, Geografiya va geoinformatika fakulteti dekani Yelena Kolmakova, Radiofizika va kompyuter texnologiyalari fakulteti dekani Dmitriy Ushakov ham ishtirok etib, ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar mobilligini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashdi.
Belarus davlat universiteti rahbariyati mehmonlarga universitetning qariyb bir asrlik boy akademik an’analari, ilmiy maktablari, xalqaro reytinglardagi yuqori o‘rni, xorijiy talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish borasidagi zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, universitetda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
O‘z navbatida, Buxoro davlat universiteti delegatsiyasi universitetda keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, xalqaro reytinglarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar, raqamlashtirish jarayonlari, ilmiy laboratoriyalar faoliyati hamda xorijiy universitetlar bilan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida taqdimot o‘tkazdi.

Uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri sifatida hamkorlikning aniq ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, magistratura bosqichida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, ikki tomonlama diplom berish imkoniyatlarini o‘rganish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini kengaytirish, matematika, fizika, kimyo, biologiya, sun’iy intellekt, pedagogika, psixologiya, tarix, huquqshunoslik va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma fundamental hamda amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, ilmiy konferensiyalar, xalqaro forumlar, yozgi va qishki maktablar, stajirovkalar, qo‘shma grant loyihalari va yuqori reytingli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalarni birgalikda chop etish bo‘yicha ham o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar mazkur hamkorlik ikki universitetning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq qilish hamda jahon akademik hamjamiyatida o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan barcha takliflarni qisqa muddatlarda ekspertlar darajasida chuqur muhokama qilish, ularni aniq "yo‘l xaritalari" asosida amaliy loyihalarga aylantirish va ijrosini tizimli tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Belarus davlat universitetiga amalga oshirilgan mazkur tashrif Buxoro davlat universiteti uchun oddiy xizmat safari emas, balki xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan strategik ahamiyatga ega tashrif sifatida tarixga kirishi shubhasiz. Bu hamkorlik orqali talabalar jahon darajasidagi bilim va tajribalarga ega bo‘lish, professor-o‘qituvchilar esa nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eng muhimi, bu tashrif Buxoro davlat universitetining xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish, uni Markaziy Osiyodagi raqobatbardosh oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylantirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yangi sahifa ochish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Kelgusida ushbu kelishuvlar asosida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar nafaqat ikki universitet, balki O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlab, yangi avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri