Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashladi.
Joriy yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrif doirasida filial direktori A.Yesimbetov boshchiligidagi delegatsiya Tarim universitetiga tashrif buyurib, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida qator kelishuvlarga erishdi.
Shinjon Uyg‘ur avtonom tumani hududida joylashgan mazkur universitet Xitoyning yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan biri sanaladi. Uchrashuv davomida o‘quv, ilmiy va innovatsion sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, Hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat quyidagi yo‘nalishlarda keng qamrovli hamkorlikni nazarda tutadi: bakalavr va magistratura bosqichidagi talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va xalqaro seminarlar tashkil etish, ikki diplomli ta’lim dasturlari va qo‘shma konferensiyalarni ishlab chiqish.
Shuningdek, ta’lim va metodika sohasida axborot almashinuvi, ilmiy maqolalarni nufuzli xalqaro jurnallarda birgalikda chop etish nazarda tutilgan.
Memorandum doirasida barcha tashabbuslar ikki tomonlama kelishuvlar asosida, akademik manfaatlar va moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Bu esa hamkorlikni samarali va uzoq muddatli qilish imkonini beradi.
Tashrif doirasida Nukus filiali delegatsiyasi Tarim universiteti tarkibidagi Hayvonot fanlari va texnologiyalari kolleji hamda tabiiy fanlar va texnologiyalar fakulteti faoliyati, zamonaviy laboratoriyalar bilan tanishdi. Ilmiy muhit va texnik sharoitlar Nukus filiali yo‘nalishlari bilan uyg‘un kelgani sababli qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.

Tarim universiteti professor-o‘qituvchilari bilan aniq loyihalar yuzasidan hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, Tarim universiteti Nukus filialining ikki nafar talabasini magistratura bosqichida tahsil olish uchun qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Ular uchun bepul yotoqxona ajratilishi va stipendiya to‘lanishi belgilandi.
Imzolangan mazkur anglashuv memorandumi Nukus filiali uchun xalqaro ilmiy integratsiya yo‘lida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu nafaqat mazkur universitet, balki respublika oliy ta’lim tizimi uchun ham xalqaro tajriba almashish va innovatsiyalarni joriy etishda yangi imkoniyatlarni ochadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri