Hamkorlik yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda katta tashabbuslar va ilg‘or tashkiliy ishlari bilan e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.
Bugungi oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning asosiy maqsadi – ta’lim jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarning bilimini xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash va ularni global muammolarni yechishda samarali ishlashga hamda ijobiy o‘zgarishlar yaratishga qodir mutaxassislar sifatida shakllantirishdan iborat.
Jumladan, xalqaro darajadagi ta’lim standartlariga javob beradigan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratgan holda, xorijiy va qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga intilmoqda. Bu jarayonda filialga yuqori malakaga ega professor-o‘qituvchilarni jalb qilish, ta’lim sifatini oshirish va o‘quv jarayonini zamonaviy talablarga moslashtirishga katta e’tibor qaratilgan.

Ayniqsa, “QS World University Rankings” reytingida 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston Respublikasining oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik doirasida o‘qituvchilar almashinuvi amalga oshirilib, oliy o‘quv yurtlar orasida tajriba almashish va o‘quv jarayonini yaxshilashga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Aygul Ismailova “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishining 3-bosqich talabalariga zamonaviy iqtisodiy va audit sohalaridagi bilimlarni chuqurlashtirishga qaratilgan dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Mazkur darslar ularga xalqaro darajadagi bilimlarni o‘zlashtirish, zamonaviy iqtisodiy muammolarni tahlil qilish, shuningdek, iqtisodiy tizimning samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro hamkorlik, o‘quv jarayonida talabalarning ijodiy va ilmiy faoliyatini rivojlantirish, ularni zamonaviy ta’lim va innovatsion g‘oyalar bilan tanishtirishga katta hissa qo‘shmoqda. Bu jarayon ularga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash orqali ularni xalqaro arenada raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllantirishga yordam beradi.
Aygul Ismailova yoshlarning ta’limga bo‘lgan intilishini yuqori baholadi. Uning fikricha, filial talabalari ta’limga qat’iy va mas’uliyat bilan yondashadi, ularning xalqaro miqyosdagi bilimlarga bo‘lgan qiziqishi va innovatsion g‘oyalarni ilgari surishga intilishlarini alohida e’tirof etish mumkin. Shuningdek, filial bilan samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va o‘quv jarayonini takomillashtirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri