Hamkorlik yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi
Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida “Fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlik: Andijon viloyatida barqaror rivojlanish va ijtimoiy hamjihatlik sari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda “Search for Common Ground” xalqaro notijorat assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Akrom Haydarov, Andijon viloyatidagi notavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-30891]
Davra suhbati ochilishida so‘z olgan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘linmasi rahbari Zarifaxon Ahmedova va boshqalar mamlakatimizda nodavlat-notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning hududlar rivojidagi o‘rni, roli va ishtirokini kuchaytirish, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
– Bugungi kunda jamiyatning taraqqiyot darajasi, hududlarning barqaror rivojlanishi nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda faol fuqarolarning samarali faoliyati, o‘zaro hamkorligiga ham bevosita bog‘liq, – deydi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘linmasi rahbari Zarifaxon Ahmedova. – Shu ma’noda NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati samaradorligini oshirishga ko‘maklashish fondning eng asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ommalashtirish hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbatida NNTlarning xalqaro grantlar, texnik ko‘mak dasturlari va qo‘shma loyihalarda ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, NNTlarning institutsional salohiyatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarning fuqarolik faolligini yuksaltirish, barqaror rivojlanish va ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash singari muhim yo‘nalishlardagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish zarurligi alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘linmasi hamda “Search for Common Ground” xalqaro notijorat assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari