Hamkorlik rivojlanmoqda
Jizzaxda O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining amaliy mazmunini yana bir bor namoyon etgan muhim muloqot bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tugjanov boshchiligidagi delegatsiyaning viloyatga tashrifi davomida nafaqat hududning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlari, balki zamonaviy agrosanoat korxonalarining eksportbop mahsulot yaratish salohiyati ham atroflicha namoyon bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab Jizzax viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etib, hudud iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari, investitsiyaviy muhit va o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari “Jizzax” maxsus industrial zonasidagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Tashrifning eng diqqatga sazovor manzillaridan biri “BMB Holding” tarkibidagi “BMB-NRC Agrologistics” hamda “BMB Agro Plus” korxonalari bo‘ldi. Delegatsiya a’zolariga “BMB Holding” ta’sischisi Aziz Mamatqulov hamrohlik qilib, mazkur majmualarda yo‘lga qo‘yilgan ish jarayonlari, texnologik imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Ayniqsa, “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika majmuasidagi tizim mehmonlar e’tiborini tortdi. Bu yerda “Yagona darcha” tamoyili asosida bojxona va karantin xizmatlarining bir joyda mujassamlashtirilgani eksport jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli saqlash, zamonaviy usulda qadoqlash va tashqi bozorlarga jo‘natish imkoniyatlari esa agrar mahsulotning daladan bozorgacha bo‘lgan yo‘lini takomillashtirmoqda.

Bu jihat O‘zbekistonda agrosanoatni oddiy xomashyo yetishtirish doirasidan chiqarib, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirish siyosati bilan hamohang. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yaratish va agrosanoat salohiyatidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. “BMB Holding” kompaniyasi tizimida mahsulotni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportga tayyorlash zanjirining shakllangani ushbu vazifalarning amaliyotdagi ko‘rinishlaridan biridir.
“BMB Agro Plus” korxonasida esa agrar xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali uning iqtisodiy qiymatini bir necha karra oshirishga qaratilgan texnologik jarayonlar namoyish etildi. Pomidor pastasi tayyorlash, qovoq va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatish, muzqaymoq va turli mahsulotlarni sublimatsiya usulida qayta ishlash kabi yo‘nalishlar zamonaviy sanoat yechimlarining amaliy ifodasidir.

Korxonada sublimatsiya texnologiyasi asosida mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar ham izchil davom etmoqda. Joriy yil fevral oyida “BMB Agro Plus” O‘zbekistonda yangi yo‘nalish sifatida muzqaymoqni sublimatsiya usulida quritishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan. Bu texnologiya mahsulotning saqlanish muddatini uzaytirish, uning shakli, rangi va ta’m xususiyatlarini asrash hamda eksportbop yangi mahsulotlar turini ko‘paytirish imkonini bermoqda.

Shu ma’noda, Jizzaxdagi mazkur korxonalar faoliyatida bir muhim tamoyil yaqqol ko‘zga tashlanadi: qishloq xo‘jaligi mahsuloti endi faqat yetishtirilgan hosil emas, balki qayta ishlangan, qadoqlangan, sifat ko‘rsatkichlari ta’minlangan va tashqi bozorga tayyor raqobatbardosh mahsulotdir. Bunday yondashuv esa eksport geografiyasini kengaytirish bilan birga, mamlakatning agrosanoat zanjiridagi mavqeini ham mustahkamlaydi.

Delegatsiya tashrifi davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro agrosanoat hamkorligini yanada jonlantirish, savdo aloqalarini kengaytirish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingani ham bejiz emas. Zero, zamonaviy iqtisodiy hamkorlikda asosiy mezon mahsulotning hajmi emas, uning sifati, qayta ishlanganlik darajasi va bozordagi raqobatbardoshligidir.
Jizzaxdagi “BMB Holding” korxonalari misolida esa ana shu talabga javob beradigan yaxlit zanjir – mahsulotni yetishtirishdan tortib uni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportga chiqarishgacha bo‘lgan tizim shakllanayotgani ko‘rinadi. Bu jarayon nafaqat viloyat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, balki O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy iqtisodiy hamkorlikni yangi loyihalar, yangi bozorlar va yangi qo‘shilgan qiymat bilan boyitish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari