Hamkorlik natijalari sarhisob qilindi
Xalq ta’limi vazirligi va Britaniya Kengashining “Maktablarda ingliz tili o‘quv dasturini isloh qilish sohasidagi hamkorlik” loyihasi doirasida Kembridj universiteti (Cambridge Partnership for Education) bilan birgalikda ishlab chiqilgan strategiyaning muhokamasi va ilk natijalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Strategiya o‘quv dasturining tuzilishi, uning elementlari va O‘zbekistonda xalq ta’limi sohasida ushbu o‘quv dasturlarini joriy qilishning zarur bosqichlarini qamrab olgan.
Uchrashuvda loyiha doirasida olib borilgan ishlar natijalari Xalq ta’limi vazirligiga, shuningdek, vazirlik tizimidagi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan barcha tashkilotlarga taqdim etildi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan loyihaning kelgusi bosqichlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan asosiy jihatlar belgilab berildi.
Shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashilib, istiqbolli rejalar belgilab olindi. Ushbu tashabbus asosida ingliz tili o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha kasbiy malakalarini oshirgan milliy jamoa ham tanishtirildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA