Hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi
Jizzax viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda viloyat kengashi deputatlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda qabul qilingan qonunlar, farmon, qaror va farmoyishlarda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi yanada oshib, samarali mexanizmlar amaliyotga tatbiq etilayotgani, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinib, Asosiy qonunimizda korrupsiyaga qarshi kurashish jumlasi 93, 95, 109- va 115-moddalarida o‘z aksini topganligi alohida qayd etildi.
O‘tgan 2022 yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi faoliyati bo‘yicha to‘rt marotaba matbuot anjumani tashkil etilib, viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda “Men korrupsiyaga qarshiman”, “Korrupsiya jamiyat kushandasi”, “Korrupsiyaga qarshi kurash, hammamizning burchimiz”, “Korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga to‘siq” kabi mavzularda uchrashuv va matbuot anjumanlari, davra suhbatlari tashkil etildi.
“Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Korrupsiya – jamiyat kushandasi” ko‘rik-tanlovi e’lon qilinib, yakunida “Eng yaxshi bosma nashr maqolasi”, “Eng yaxshi teleko‘rsatuv va radio eshittirish”, “Eng yaxshi internet maqolasi”, “Eng yaxshi videorolik”, “Eng yaxshi banner yoki tasviriy san’at asari” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshirilganligi ta’kidlandi.
O‘tgan 2022 yilning 1-yarim yilligi va 2-yarim yilligi davomida Jizzax viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi faoliyatini reyting baholash mezonlarida belgilangan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanib, amalga oshirilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga taqdim etildi va Milliy kengash tomonidan reyting baholash natijalariga ko‘ra, Jizzax viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholanib birinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Matbuot anjumani so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA