"Hamkorlik kubogi" sport musobaqalari o‘tkazildi
Sport nafaqat salomatlik uchun foydali, balki kishining ruhiy tetikligini ham ta’minlovchi eng foydali mashg‘ulot. Bejizga xalqimizda: “Sog‘ tanda - sog‘lom aql” deyilmagan.
Shu maqsadda, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida mahalla yoshlari uchun “Sport – salomatlik tayanchi” mavzusida “Hamkorlik kubogi” sport musobaqalari tashkil etildi.
Mazkur musobaqa uchinchi marta o‘tkazilayotgan bo‘lib, unda jamoalar sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashdi.

Sport musobaqalarida Toshkent shahridagi mahalla yoshlari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti jamoalari ishtirok etdi. Musobaqa Toshkent shahar Sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar hamda sportchilar diplom, medal, kubok va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
Bu kabi musobaqalar yoshlarning kelgusida jismonan va ma’nan yetuk bo‘lib kamol topishiga poydevor yaratsa, neajab.
Sherbek Islomov,
O‘zA