Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov Saudiya Arabistoni Podshohligining yirik investitsiya kompaniyalaridan biri – “Al Kathiri Holding Company” strategik direktori Samiya Xadjjo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilma va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida Nukus shahrida “Emmedue” texnologiyasi asosida 20 mingta arzon uy-joy qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari batafsil ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, zamonaviy va energiya tejamkor uy-joylar barpo etish orqali mintaqada ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuvda Nukus xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Loyiha doirasida aeroport infratuzilmasini yangilash, yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish rejalashtirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri