2023 yilning 4-15 dekabr kunlari Navoiy davlat pedagogika instituti dotsentlari Gulsanam Norova, Dilorom Shamsiyeva, Feruza Jumayeva “O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirishda Ozarbayjon hamkorligi” mavzusida Ozarbayjon davlatida bo‘lib o‘tgan ilmiy tajriba haftaligi doirasidagi metodik dars mashg‘ulotlari hamda uchrashuvlarda ishtirok etishdi.
2020 yil 19 oktyabrdagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish” konsepsiyasida ilm-fan taraqqiyotini ta’minlash davlat va xususiy sektorning asosiy vazifalaridan biri sifatida e’tirof etilib, jamiyat va iqtisodiyotning real sektori tomonidan innovatsion texnologiyalarning joriy qilinishini har tomonlama rag‘batlantirish va mahalliy ilmiy salohiyatdan kelib chiqqan holda innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Yurtimizda ilm-fan va texnologiyalarning ilg‘or yutuqlaridan milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishda foydalanish, chet ellik yetuk ilmiy va texnologiya markazlari, olimlar, mutaxassislarni mamlakatga jalb etish, ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning xorijda tajriba va malaka orttirishlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Belgilangan dastur asosida Ozarbayjon Fanlar akademiyasi, Ozarbayjon Davlat til markazi, Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti, Boku davlat universiteti bilan hamkorlik shartnomasi tasdiqlanib, filologiya fakulteti talabalari uchun o‘zbekistonlik filologlar tomonidan mahorat darsi yo‘lga qo‘yildi, – deydi Gulsanam Norova. – Uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, ularni kengaytirish va yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Unda davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zaro manfaatli ilmiy va ilmiy-texnikaviy muammolar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, yig‘ilishlar va amaliy seminarlar tashkil etish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnikaviy ta’lim va ilmiy-texnikaviy ta’minotni rivojlantirishga ko‘maklashish rejalashtirilgan.

Uchrashuv mamlakatlar o‘rtasidagi ilm-fan yutuqlarini almashish, olimlarimizning kelgusidagi do‘stona hamkorligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri