Hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi
Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatining To‘qtag‘ul tumani hokimi Aqilbek Tyukeboyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘ldi.
O‘zaro do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama turizm va iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan mazkur tadbirga yigirmaga yaqin mahalliy hukumat mutasaddilari, ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, ishbilarmonlar va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari vakillaridan iborat delegatsiya kelgan. Mehmonlarni “Kosonsoy” chegara postida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov hamda tuman sektor rahbarlari karnay-surnay sadolari ostida kutib oldi.
Qo‘shni davlat vakillari dastlab ma’rifatparvar alloma Ishoqxon to‘ra Ibrat majmuasi va muzeyda bo‘lishdi. 1862 yilda To‘raqo‘rg‘on zaminida bog‘bon oilasida tug‘ilgan, hayoti davomida yetti tilni mukammal o‘rgangan, bir qator ilmiy asarlar va she’riy to‘plamlar yozib, o‘zi olib kelgan litografiyada bosmadan chiqargan, 1937 yilda mustabid tuzum qurboni bo‘lgan Ibratning chinakam umr yo‘li haqidagi ma’lumotlar va muzeydagi osori-atiqalar mehmonlar e’tiborini tortdi.
Tuman madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan turizm yarmarkasida mehmonlarga Namangan viloyatining yetakchi tarmoqlari – kichik sanoat, charm-poyabzal, asalarichilik, tayyor-kiyim ishlab chiqarish kabi mahsulotlar hamda tur-kompaniyalarning xizmat turlaridan iborat ko‘rgazma havola etildi.
[gallery-9599]
Muzokaralarda har ikki hudud hokimlari ta’kidlab o‘tganidek, azal-azaldan bir-biriga qardosh va do‘st bo‘lgan O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari keyingi yillarda tobora taraqqiy etib bormoqda. Shu jumladan, Jalolobod va Namangan viloyatlari o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar sifat jihatidan o‘sib bormoqda.
– Sizlardan qishloq xo‘jaligi, turizm kabi yo‘nalishlarda o‘rganadigan tajribalar juda ko‘p, o‘z navbatida bizning tumanda ham ilg‘or sohalar yetarli, – dedi To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Ahrorbek Mansurov. – Muhimi, birgalikda ishlasak bu bizga ham, To‘qtag‘ul tumaniga ham foyda keltiradi.
– 107 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan tumanimizda baliqchilik, bog‘dorchilik va asalarichilik sohalari jadal rivojlangan, – deydi Jalolobod viloyatining To‘qtag‘ul tumani hokimi Aqilbek Tyukeboyev. – Ayni shuning uchun ham mazkur tarmoqdagi yetakchi mutaxassislarimiz To‘raqo‘rg‘ondagi hamkasblari bilan o‘zaro fikr va tajriba almashishlariga alohida e’tibor qaratamiz. Qolaversa, tumanimiz betakror tabiat, baland tog‘lar yon bag‘rida joylashgani sababli turizm yo‘nalishida hali foydalanilmagan, ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bisyor. Namangan viloyatida bu borada muayyan tajribalar to‘planganiga guvoh bo‘ldik. Kelgusida, o‘zaro bordi-keldini, sayyohlar oqimini ko‘paytirmoqchimiz.
Samimiy ruhda kechgan ikki tomonlama uchrashuvda To‘raqo‘rg‘on hamda To‘qtag‘ul tumanlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, turizm, investitsiya, ot sporti, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Tashrif manzili tumandagi bir qator ishlab chiqarish korxonasi va agroxo‘jaliklarga ko‘chdi. "Gold frehs fruits" mas’uliyati cheklangan jamiyati nafaqat To‘raqo‘rg‘on, balki Namangan viloyatidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan yirik korxonalardan biri hisoblanadi. 2016 yilda tashkil etilgan xo‘jalikning 630 gektar maydonni egallagan bog‘ida mevalarning, ayniqsa, gilosning eng sarxil, serdaromad navlari yetishtiriladi. Mahsulotlar asosan Rossiya, Polsha, Xitoy, Koreya davlatlariga eksport qilinadi. Ular keyingi yillarda ko‘chatchilikda noan’anaviy usullar joriy qilib ham shuhrat qozonmoqda. Jamiyatda hozir 32 ming dona ko‘chat sotishga tayyor holga kelgan. Intensiv usulda o‘stiriladigan ushbu nihollar ertapishar, yuqori sifatli hosil berishi bilan ahamiyatlidir.
Delegatsiya a’zolariga mazkur jamiyat faoliyati, shuningdek, ko‘chat ekish, parvarishlash, mahsulot yetishtirish va ko‘paytirish tajribasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Qishning qahraton sovuq kunlarida ham dasturxoningizda yangi uzilgan pomidor, bodring, turli meva-chevalar bo‘lsa, uni yetishtiruvchilarga ofarin aytasiz, beixtiyor. Chunki, uning mehnati qay darajada oson emasligini anglash qiyinmas. 5 gektar maydonda issiqxona barpo etgan “Muhammadali bilding” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning o‘zida 120 tonnadan ziyod pomidorni eksport va ichki bozorga yetkazib berdi. Ushbu issiqxonada bo‘lgan qirg‘izistonlik mehmonlar dehqon omilkorlarning boy tajribasini e’tirof etib, kelgusida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
Shuningdek, mehmonlar vodiyning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan Axsikent tarixiy obidasida bo‘ldi. Ularga nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar bilan doim gavjum yodgorlik haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Axsikent haqida tarixiy manbalar va kitoblarda o‘qigandim. Safarimiz davomida ko‘zimiz bilan ko‘rish nasib qilganidan xursandmiz, – deydi To‘qtag‘ul tumani kengashi deputati Barman Benlekov. – Qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti Farg‘ona - Axsikent shahri xarobalari hisoblangani, u miloddan avvalgi III asrda qurilgan bo‘lib, qalinligi 5,5 metrli mudofaa devorlar bilan o‘rab olingani haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Tarixiy yodgorlik, undan topilgan ashyolar hayratimizni yanada oshirdi.
Qardoshlarimiz tashrif yakunida tuman hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari hamrohligida “FT textile group” ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 2018 yilda Shahand qishlog‘ida ta’sis qilingan ushbu korxona viloyatdagi yirik eksportchi sub’ektlardan biriga aylangan. 300 ga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan jamiyat 15 ming tonnadan ortiq ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar Rossiya, Turkiya, Polsha va Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Jalolobod viloyatining To‘qtag‘ul tumani delegatsiyasining To‘raqo‘rg‘onga xizmat safari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash asnosida ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy-ijtimoiy aloqalar rivojiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.