Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xalqaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda 2021-yilda institutning xalqaro oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi elchixonalari bilan hamkorligi, amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar boʻyicha maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda institutda xalqaro hamkorlik ishlari doirasida dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan 46 ta shartnoma va memorandum imzolangan. Shulardan 14 tasi QS (Quacquarelli Symonds World University Ranks), THE (Times Higher Education) hamda ARWU (The Academic Ranking of World Universities) kabi xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan yuqori baholangan oliy taʼlim muassasalari hisoblanadi.
Kuban davlat universiteti bilan hamkorlikda rus tili boʻyicha sertifikat beruvchi markaz ochish va unda Kubandagi mashhur professor-oʻqituvchilar ishtirokini taʼminlash orqali xalqaro sertifikat berishni yoʻlga qoʻyish, defektologiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kelgusi oʻquv yilidan boshlab “2+2” tizimi doirasida qoʻshma bakalavriat dasturini tashkil etish, institut huzuridagi matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda Kuban davlat universiteti professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda oʻquvchilarning bilimini oshirish, olimpiadalarga tayyorlash, shu bilan birga, ikki oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda darslik, oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlash hamda nashr qildirish masalalari boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi. Shu asnoda Kuban davlat universitetining professor-oʻqituvchilari institutga tashrif buyurib, talabalarga maʼruzalar oʻqib, anjuman va seminarlarda ishtirok etdi.
[gallery-5601]
Shu bilan birga, Sochi davlat universiteti bilan hamkorlikda ekologik, ziyorat, qishloq xoʻjaligi va mehmonxona faoliyati, turizm yoʻnalishlari boʻyicha bakalavrlar tayyorlash istiqbollari haqida muzokaralar olib borildi. Natijada oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy-pedagogik faoliyatda hamkorlik boʻyicha shartnoma imzolandi.
Institutda Oʻzbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov bilan uchrashuvda Panjob universiteti bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtgan edi. Institut delegatsiyasi 2021-yil iyun oyida Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahrida joylashgan Panjob universitetiga xizmat safari bilan tashrif buyurib, ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida talabalar, doktorantlar va professor-oʻqituvchilar almashish, 6 oydan 1 yilgacha boʻlgan bepul va barcha xarajatlari qoplanadigan oʻquv safarlarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni muhokama qildi.
Shuningdek, institutga Rossiya Feredatsiyasining P.P.Semyonov-Tyan-Shanskiy nomidagi Lipesk davlat pedagogika universiteti delegatsiyasi xizmat safari doirasida tashrif buyurib, hamkorlikda “G.Apollinaire. Hayotni sevgiga bagʻishlang” mavzusida anjuman tashkil etildi.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum institutda AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda 2016-yildan buyon faoliyat olib borayotgan “ACCESS” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi hamda yil yakunlari boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan ikki nafar talabani Amerika Qoʻshma Shtatlariga bir oylik yozgi oromgohga yuborish borasida taklif bildirdi.
Bugungi kunda institutda AQSH davlat departamentining 2020-2022-yillarga moʻljallangan talabalarga ingliz tilini “STEM” yoʻnalishi asosida oʻqitish dasturi boʻyicha “English Access Microscholarship Programm – STEM” grantining 55 ming AQSH dollari miqdoridagi ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi hamda UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikda ijtimoiy innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “UP-Shift” loyihasining, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Russkiy mir” jamgʻarmasi loyihasining gʻolibi hamdir.
Dunyoning “TOP-1000” ligiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish, xorijiy talabalarni institutga jalb qilish maqsadida taʼlim sifatini takomillashtirish, milliy hamda xalqaro reytinglarda institutning koʻrsatkichlarini yuqorilatish bilan birga, 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab Kuban davlat universiteti bilan defektologiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim, I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan rus tili mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichida qoʻshma taʼlimni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAYEV,
Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA