So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sherikchilik aloqalari barcha sohalar qatori ta’lim va ilm-fan yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. Ana shu jarayonlar doirasida Guliston davlat universiteti xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish yo‘lida aniq qadamlar tashlamoqda.
2025 yil 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida universitetga Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida universitet delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi tashkil etildi.

Universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Hojiyev boshchiligidagi delegatsiya avvalo O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farhod Arziyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va strategik sherikchilik munosabatlarini ta’lim sohasida mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur tashrif O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, dastur samaradorligini oshirish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng, delegatsiya Beifang International ta’lim tashkiloti rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda ta’lim, ilm-fan va texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Tashrif doirasida universitet vakillari Beifang Automotive Education Group — avtomobilsozlik sohasida kasbiy ta’lim beruvchi yirik muassasa rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishdi. Uchrashuvlarda ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Guliston davlat universiteti va Beifang Automotive Education Group o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat avtomobilsozlik sohasida kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Memorandum doirasida universitet huzurida xalqaro standartlarga javob beradigan avtomobilsozlik yo‘nalishida o‘quv-trening markazini tashkil etish, zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv infratuzilmasini yaratish, o‘quv rejalari hamda o‘quv-uslubiy materiallarni qo‘shma tarzda ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar almashinuvi, Xitoyda malaka oshirish va stajirovkalar tashkil etish, bitiruvchilar uchun qo‘shma sertifikatlash va xalqaro malaka berish tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bu qadam kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Beifang Automotive Education Group’ning moddiy-texnika bazasi, zamonaviy laboratoriyalari hamda ilmiy va innovatsion faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ta’lim muassasasining imkoniyatlari amaliy tarzda namoyish etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri