O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi hamon mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.
O‘zAning ayni mavzu bo‘yicha navbatdagi suhbatdoshi – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Tashqi siyosat va xavfsizlik sohalaridagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Farrux Hakimov.
– Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 193 mamlakat a’zo, Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari beshta, muvaqqat saylanadigan a’zolar o‘nta. Bu o‘rinda son va sifat jihatidan nomutanosiblik yaqqol ko‘rinadi. Binobarin, bugungi kunda Markaziy Osiyo, Afrika, Sharqiy Yevropa va Lotin Amerikasidagi rivojlanayotgan davlatlarning ham salohiyati, ta’sir kuchi, xalqaro maydondagi mavqei ko‘tarilib boryapti. Boshqacha aytganda, dunyoning barcha mintaqalaridan ilgari surilayotgan tashabbuslar endi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun ham Xavfsizlik Kengashida turli mintaqalardagi davlatlar vakillari bo‘lishi muhim.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi, ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish taklifi mohiyatan juda o‘rinli. Zero, bugun insoniyat duch kalayotgan aksar masalalar hamjihatlik bilan, har tomonlama manfaatlarni inobatga olgan holda bartaraf etishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari davlatimiz rahbari bu gal ham, an’anaga muvofiq, yana mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugun yangi Markaziy Osiyo haqida so‘z ketmoqda. Aynan O‘zbekistonning sa’y-harakatlari, pragmatik va ochiq tashqi siyosati natijasida qo‘shni davlatlar bilan munosabat yuqori darajaga ko‘tarildi. Davlatimiz Qozog‘iston va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatini o‘rnatgan. So‘nggi sakkiz yilda Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan strategik hamkorlikka erishildi. Ya’ni, “Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi”ga erishish bizning eng muhim maqsadimiz. Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz yetakchisi tomonidan Markaziy Osiyo tranzit imkoniyatidan samarali foydalanish masalasi ilgari surildi.
Afg‘oniston masalasida ham O‘zbekistonning yondashuvi o‘zgardi. Toshkentning bu masaladagi joriy siyosatida muhim xususiyat shuki, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning uzviy, ajralmas qismi, tahdid emas, balki imkoniyat manbai sifatida qaraydi. Umuman, Shavkat Mirziyoyev xalqaro minbarlar, jumladan BMT Bosh Assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi muhim tuzilmalar doirasida har doim Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratadi. Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqida ham afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatini birlashtirish zarurligini qayd etdi.
Bildirilayotgan muhim tashabbuslardan biri – O‘zbekiston va Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatidan unumli foydalanish, mintaqaning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini oshirish. Bu borada ikki yirik infratuzilmaviy loyiha – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va O‘zbekiston ilgari surayotgan Transafg‘on temir yo‘l koridori beqiyos ahamiyatga ega. Bu muqobil yo‘laklar yordamida tranzit koridorlari barpo etilishi mintaqa va davlatlar aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan.
Tabiiyki, davlatimiz rahbarining Nyu-Yorkka safari davomida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv tashrifning markaziy voqeasi bo‘ldi.
Aytish joiz, tadbirlarning ishbilarmonlik dasturi juda sermazmun edi. Vaholanki, mahalliy ishbilarmonlar ishtirokidagi davra suhbati, qator yetakchi transmilliy kompaniya va korporatsiyalar, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar jahon hamjamiyati e’tiboridan tushmayapti.
Shuningdek, an’anaga ko‘ra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashuvdan kutilayotgan amaliy natijalar ham istiqbolda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi tayin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EQgKgcm5O5c" title="Hamjihatlik va o‘zaro manfaatlar inobatga olingan tashabbuslar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova,
Abror Sodiqov (tasvir), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA