O‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, shoir va dramaturg Hamid Olimjon tavalludining 115 yilligi Jizzax viloyatidagi umumta’lim maktablarida, oliy ta’lim muassasalarida keng nishonlandi.
Shoir tug‘ilib o‘sgan Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi Ijod maktabida o‘tkazilgan adabiy-badiiy kechada shoir ijodining o‘zbek she’riyatida tutgan o‘rni, buyuk shoir, dramaturg, publitsist va jamoat arbobi haqida o‘nlab kitoblar, maqolalar yozilganligi alohida ta’kidlandi.

Hamid Olimjon 12 yoshida qalam tebratgan, 20 yoshida elga tanilgan, 25 yoshida xorij matbuotida nomi tez-tez tilga olina boshlangan, 30 yoshida o‘zbek yozuvchilarining irodali rahbari darajasiga ko‘tarilgan va 35 yoshga to‘lmay (1944 yil) yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan.

Shoiring “Ko‘klam” nomli ilk she’riy to‘plami nashr etilganida u 20 yoshga ham to‘lmagan edi. Shuningdek, “Olov sochlar”, “She’rlar”, “Qo‘lingga qurol ol!”, “Ona va o‘g‘il”, “Ishonch” she’rlari, “Tong shabadasi” hikoyalar to‘plami hamda “Zaynab va Omon” dostoni nashr etilgan. Hamid Olimjonning xalq orasida mashhur va ma’lum bo‘lgan “Zaynab va Omon”, “Semurg‘” kabi asarlarini o‘quvchilar hali -hamon sevib mutolaa qilib keladi. U o‘z ijodida insoniylik, sevgi, va yurtga sadoqat, bahor mavzularini teran tasvirlay bilgan.

Shoir rus va chet el adabiyotidan qator asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan mohir tarjimon hamdir.
“Eng gullagan yoshlik chog‘imda” va bahorning mumtoz taronasi bo‘lgan “Novdalarni bezab g‘unchalar” deb boshlanuvchi qo‘shiqlar Hamid Olimjon iste’dodining mangu tarannumidir.
Kechada o‘quvchilar tomonidan Hamid Olimjon ijodidan namunalar o‘qildi, uning asarlaridan sahnaviy ko‘rinishlar namoyish etildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri