Hamid Nayrobodiy: Har lahzamiz Navro‘z bo‘lsin!
Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayrobodiy Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bo‘lib o‘tgan “Navro‘z – Sharq xalqlarining qadimiy bayrami” nomli tadbirda qatnashib, jumladan, quyidagi fikrlarni bayon etdi:
“Navro‘z – bu bahorning birinchi kuni, yangi fasl, yangi yilning boshlanishi, qushlarning sayrashi, do‘stlarning yakdilligi va diydorlashuvi bayramidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Xalqaro Navro‘z kuni” rezolyutsisining qabul qilinishi bilan Navro‘z bayrami nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda qutlug‘ bir tantanaga aylandi.
Sharq xalqlarini bir-biriga mushtarak bog‘lab turadigan bu bayramda insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, birdamlashtiruvchi kuch mavjud. Eronda qadim zamonlardan beri nishonlanib kelayotgan va qator udumlariga ega Navro‘z shu kunga qadar qadriyatlari va urf-odatlari bilan barchani o‘ziga jalb qilib kelgan. Navro‘zning Eronda nishonlanishi o‘ziga xos, ya’ni “Haft sin” dasturxonining tuzatilishi bilan ajralib turadi. Boshqa mamlakatlarda esa Navro‘zning o‘zgacha shukuhda nishonlanishini kuzatib, zavqlanish mumkin. Bu bayram asrlar osha shoirlarning she’rlarida yangrab kelgan.
O‘zbek xalqining sevimli shoiri Alisher Navoiy Navro‘z bayrami haqida chiroyli baytlar bitib, uni quyidagicha ta’riflaydi:
Ko‘yingga har kun borib, har dam ko‘ray derman seni,
Menga har kun bayram-u, har lahza Navro‘zi kerak.
Shoir ta’riflaganidek, Navro‘z bayrami milliy qadriyatlarni, do‘stlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, qolaversa, barcha Sharq dunyosiga mushtarak bo‘lib ulgurgan tantanadir. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tashkil etilgan Navro‘z tantanasida qatnashib, fors tilini o‘rganayotgan talabalar ijrosidagi forscha she’r va qo‘shiqlarni eshitib, madaniyatlarimiz va qadriyatlarimiz mushtarakligidan quvondim.
Ushbu bayram munosabati bilan O‘zbekiston xalqini, barcha Navro‘z ixlosmandlarini, qolaversa, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasini chin dildan qutlayman.
Har lahzamiz Navro‘z bo‘lsin!”
Hamid Nayrobodiy,
Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi