Ham tarixiy, ham zamonaviy kitob
Keyingi uch yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka eʼtibor kuchaydi.
Mutolaa
Keyingi uch yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka eʼtibor kuchaydi. Mutolaa umummilliy maʼnaviyatimizning ajralmas qismiga aylandi. Bu, albatta, bejizga emas. Biz bir paytlar oila davrasida, doʻst-birodarlar davrasida Navoiyxonlik, Bedilxonlik, Mashrabxonlik, Yassaviyxonlik qilingani haqida gapirishni yaxshi koʻramiz. Lekin tan olib aytish kerakki, keyingi yillarda kitob va kitobxonlikka eʼtibor susayib ketgan edi. Shu bois davlatimiz rahbari kitobsiz, yaʼni ilmsiz farovon kelajakka erishib boʻlmasligiga oʻz vaqtida eʼtibor qaratdi.
Siz-u bizni, farzandlarimizni kitobga oshno boʻlishga daʼvat etdi. Bu jarayonda dono xalqimizning boy merosi, asrlar osha yashab kelayotgan mumtoz asarlar mutolaasi, ularning qayta nashr etilishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, insoniyatning maʼnaviy mulki boʻlgan shunday bebaho mumtoz asarlar borki, vaqt, zamonlar oʻtishi bilan ularning qadri, ahamiyati, qimmati ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi. Shunga mutanosib ravishda, bunday asarlarning muxlislari ham, oʻquvchilari ham tobora ortib boraveradi.
Tarbiya va odob, boshqaruv va ijroning muhim masalalarini oʻz ichiga olgan, jahon durdona asarlaridan biri hisoblangan “Qobusnoma” ham shunday bebaho xazinalar sirasiga kiradi.
XI asrning oxirlarida arab tilida yaratilgan, 44 ta alohida bob va 56 ta moʻjaz hikoyatlardan iborat mazkur kitob qisqa vaqt ichida tildan-tilga tushib, rus, ingliz, nemis, fransuz, hind, turk va bir qancha boshqa tillarga tarjima qilingan. Jumladan, 1860-yilda atoqli oʻzbek shoiri va mutafakkiri Ogahiy ham “Qobusnoma”ni oʻzbek tiliga oʻgirgan.
Katta avlod vakillari yaxshi eslashadi, shoʻro davrida fan arbobi Subutoy Dolimov va pedagogika fanlari doktori Ulugʻbek Dolimov tomonidan qayta nashrga tayyorlangan, “Oʻqituvchi” nashriyotida chop etilgan “Qobusnoma” kitobi adabiy jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotgandi.
Maʼlumki, har qanday tarjima asar ham vaqt oʻtishi bilan ayrim istilohlarga, oʻzgartirishlarga ehtiyoj sezadi. “Qobusnoma” tarjimasida ishlatilgan koʻplab soʻzlar, oʻxshatishlar bundan ikki yarim asr avval isteʼmolda boʻlgan. Vaholanki, asar bugun oson oʻqilishi, ayniqsa, yoshlar uni mutolaa qilib, yaxshi tushunishlari lozim. Shu jihatlari eʼtiborga olinib, “Qobusnoma” oʻzbek tiliga kirib kelgan zamonaviy soʻzlar bilan qayta tarjima qilingan. Muhimi shundaki, yangi tarjimada ham asarning mazmun-mohiyati, muallifning nasihat yoʻli hamda Ogahiyning oʻziga xos uslubi saqlanib qolingan.
Ochigʻi har bir inson hayotida qaysidir kitob alohida oʻrin tutadi. Mening hayotimda ham shunday kitoblar koʻp boʻlgan. Toʻqqiz-oʻn yoshlarimda otam kimningdir kitob javonidan keltirib bergan “Qobusnoma”ni oʻqib, hayotning ayrim murakkab sir-asrorlarini shu kitobdan oʻrgangandim. Shundan buyon “Qobusnoma”ni toʻliq holatda biron-bir kitob savdosida uchratmagandim. Yangi va toʻliq nashr etilgan ushbu maʼnaviyat xazinasini qayta oʻqish va farzandlarimga yetkazish baxtiga muyassar boʻldim. Yoʻqsa, otamning oldida qarzdor boʻlib qolgan boʻlardim.
Biz, oʻquvchilar uchun qizigʻi shundaki, “Qobusnoma” maʼnaviyat, maʼrifat, sharqona odob-axloq, qadimshunoslik, sharqshunoslik bilan shugʻullanishga masʼul idoralar tomonidan emas, aynan Toshkent shahar prokuraturasining tashabbusi bilan qayta chop etilganidir.
Kimlardadir “Qobusnoma”ning yangi nashrini tayyorlasa, nima boʻlibdi?” degan savol tugʻilishi tabiiy. Eʼtirof etish joizki, avvalo, prokuratura organlarining kitobga boʻlgan munosabati Prezidentimizning kitobxonlikni rivojlantirish haqidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali roʻyobga chiqarilishidadir. Qolaversa, mazkur kitobning bosh maqsadi hammamiz uchun muhim boʻlgan oliy qadriyat – odob bilan bogʻliq. Odob bor joyda, hammamizga maʼlumki, jinoyatchilik boʻlmaydi. Shu nuqtayi nazardan, “Qobusnoma”ning prokuratura tomonidan qayta nashr etilishi, shubhasiz, keyingi vaqtlarda unutilib borilayotgan, ammo hayotimizda koʻp ming yillar davomida alohida oʻrin tutgan “odob”ni qayta tiklash, oʻquvchilar ongini sharqona odob va axloq qoidalari bilan boyitish uchun xizmat qiladi. Vaholanki, insoniyat tarixida odob-axloq qoidalarining oʻrni beqiyos boʻlgan.
Prokuratura rahbariyatining bunday muhim ishni oʻz zimmasiga olishi aholi, ayniqsa,yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim vosita boʻlishi bilan ahamiyatlidir.
Shu maʼnoda, Toshkent shahar prokurorining oʻz ishidan ortib, “Qobusnoma”dek buyuk asarning qayta nashrga tayyorlanishida bosh-qosh boʻlishini davlat rahbari chaqirigʻiga javob sifatida baholash lozim. Qolaversa, boshqa huquq-tartibot idoralari vakillari uchun ham Alisher Navoiy dunyoni qalam bilan egallaganidek, kitob bilan jinoyatchilikning oldini olishda Bahriddin Valiyevning saʼy-harakatlari ibratlidir.
Taʼkidlash joizki, B.Valiyev va M.Shodmonov tomonidan nashrga tayyorlangan kitob yaqinda “Muharrir nashriyoti”da tashki koʻrinishi ham kitobxonni oʻziga rom etadigan shaklda chop etildi. Uning yana bir eʼtiborga molik tomoni, xalqimizning sevimli farzandi, Oʻzbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov tomonidan oʻqilgan ovozli disk kitobga ilova qilingan boʻlib, ayniqsa, zamonaviy yoshlar uchun audiokitob shaklida foydalanish, keksalar uchun esa bemalol choy ichib oʻtirish jarayonida miriqib eshitish imkonini beradi.
Shubhasiz, yangi kitob kadrlarni, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bilimi, dunyoqarashi hamda kasb-mahoratini oshirishda, ularning yana-da xalqparvar va adolatli boʻlishida, eng muhimi, yoshlar ongiga odob-axloq qoidalarini singdirishda ommabop huquqiy ahamiyatga ega qimmatli manba boʻlib qoladi.
Abdukamol RAXMONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi