Halollik — ustuvor tamoyil
Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida korrupsiyaning oldini olish, davlat xizmatchilari o‘rtasida halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda davlat organlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmon va qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

Yigʻilishda bosh boshqarma rahbariyati va xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Sirdaryo viloyati boshqarmasining masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, davlat mulki va byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish, shuningdek, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, huquqiy targʻibot ishlarini tizimli tashkil etish, xodimlarning huquqiy ongi va masʼuliyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Qayd etilganidek, har bir davlat xizmatchisi oʻz faoliyatida halollik, xolislik va qonuniylik tamoyillariga amal qilgan taqdirdagina korrupsiyaga qarshi kurashishda kutilgan natijaga erishish mumkin.

— Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat tadbirlari bilan cheklanmaydi. Bu avvalo, har bir xodimning ichki masʼuliyati, yuksak huquqiy madaniyati va kasbiy halolligiga bogʻliq. Bugungi yigʻilishning asosiy maqsadi ham xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni yanada mustahkamlash, sohada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning oldini olish va qonunchilik talablariga soʻzsiz amal qilish madaniyatini yuksaltirishdan iborat, — deydi Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining Korrupsiyaga qarshi kurashish (komplayens nazorati) boʻyicha bosh mutaxassisi Alijon Nasriyev.

Yigʻilish yakunida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni muntazam davom ettirish, komplayens nazorati tizimi samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini izchil taʼminlash hamda xodimlarning bu boradagi masʼuliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri