Halim Saidov: “Turkiston dahosi”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli olim, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatini chuqur o‘rgangan mutaxassis Halim Saidovning “Turkiston dahosi” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitob ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlanadi.
“Sukut saqlab yuraversak, besh-o‘n yildan keyin yanada nodonroq bo‘lib qolamiz, xor bo‘lamiz. Shuning uchun ham jim yurishimiz yetar! Diniy madrasa va maktablarimizni isloh etaylik!”
Muallif XX asr avvalida ana shunday qutlug‘ shior bilan kurash maydoniga chiqqan jadid bobolarimiz karvonboshisi, millat ozodligi yo‘lida jonini qurbon qilgan buyuk arbob Mahmudxo‘ja Behbudiyning murakkab va shonli hayot yo‘lini batafsil yoritgan.
Behbudiy kim edi?
Nega u yuz yilliklar davomida Turkistonda amal qilib kelgan madrasa va maktablarni isloh qilishdek xatarli ishga bel bog‘ladi?
Nega o‘zining va do‘stlarining hayotini xavf ostiga qo‘ydi?
Bunga qanday zarurat bor edi?..
Kitob bilan tanishib borarkansiz, bu savollarga javob olasiz.
Debochada muallif jadidlar hayoti bilan qanday qiziqib qolganini yozadi:
– Bobomiz rahmatli bog‘bonligu dehqonchilikdan xoli vaqtlarida atrofdagi qishloqlar aholisi keltirib bergan arabiy alifbodagi hilviragan kitoblarni tuzatishga kirishardilar. Ba’zida tushib qolgan varaq o‘rniga yangisini qo‘lda yozib joyiga tikardilar, yirtilgan bo‘lsa, yelim bilan yopishtirib, tuzatardilar. Imomlik qilmasdilar, lekin islom arkonlarini yaxshi bilganlari uchun odamlar turli masalalarda maslahat so‘rab kelishardi (shu bois ham KGBning ro‘yxatida turganlarini keyin bildik). Arab yozuvini biz nabiralariga ham o‘rgatardilar. Muallimi soniy, Haftiyak, Chorkitob...
Biroz savodimiz chiqqach, yerto‘laga saqlanadigan kitoblar taxlamini titkilashga tushdik. Shunda ilk bor “Oyina” jurnali qo‘limizga tushgan. Hijjalab muharrir va noshiri Mahmudxo‘ja Behbudiy ekanligini bilganmiz. Arabiy alifbodagi “Ko‘zgu”, “Mir’ot”, shuningdek, “Zerkalo” degan eski kirilldagi yozuvlar ham yodda qolgan. Bolalik qiziqishlari sabab bobomizdan bu muqovasiz risolda haqida so‘raganimizda:
– Yerto‘ladagilarni emas, qo‘lingizga berilgan kitoblarni o‘qinglar, – degan xavotirli ohangda bo‘lsa-da, beozor tanbeh eshitganmiz.
Shundan keyin yerto‘ladagi kitob va jurnallar “g‘oyib” bo‘ldi”...
Ammo muallifning qalbiga tushgan uchqun alanga olardi. Kitobda bularning barchasi ochiq-oydin yozilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy nimalarni istagan edi, uning xatarlarga to‘la fojiaviy hayot va kurash yo‘li qanday kechdi, degan savollarga asosli javoblar olasiz.
Halim Saidov ushbu kitobda nafaqat Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning izdoshlari – jadidlar harakati, fojiasini ko‘rsatadi, balki o‘sha paytda Turkistonda hukm surgan real ijtimoiy holatni ham tasvirlab beradi.
Jadidlar hayotiga bag‘ishlangan ushbu nodir kitob – “Turkiston dahosi”ni, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA