Hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha choralar belgilandi
Ko‘chalarni ta’mirlash, uy-joy va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr hamda ichimlik suvi ta’minoti — Sirdaryo tumani aholisini qiynayotgan qator masalalar sayyor qabulda ochiq aytildi. Qabulda 84 ta murojaat qayd etilib, har bir masala tegishli soha mas’ullari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabul viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida o‘tkazildi. Unda viloyatdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, soha mas’ullari ishtirok etishdi.
Murojaatlarning 72 tasi Sirdaryo tumani aholisidan tushgan. Shuningdek, Sayxunobod tumanidan 6 ta, Guliston shahridan 2 ta murojaat qayd etildi. Xovos, Boyovut, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridan esa bir nafardan fuqaro o‘z masalasi bilan murojaat qildi.
Qabulda ko‘tarilgan masalalarning salmoqli qismi uy-joy, kadastr va qurilish bilan bog‘liq bo‘ldi. Fuqarolar uy-joyni hujjatlashtirish, kadastr ma’lumotlarini to‘g‘rilash, yer uchastkalariga oid masalalar, uy-joy sharoitini yaxshilash hamda qurilish hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha murojaat etishdi.

Mahalla infratuzilmasiga oid muammolar ham aholi murojaatlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, ichki ko‘chalarni asfaltlash va shag‘allashtirish, ayrim yo‘llarda boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish masalalari ko‘tarildi. Elektr, ichimlik va sug‘orish suvi, gaz hamda kommunal xizmatlar bilan bog‘liq murojaatlar ham bo‘ldi. Shuningdek, bank-kredit va ipoteka, ijtimoiy reyestr, ishga joylashish, moddiy yordam, kontrakt to‘lovi, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va huquqiy masalalar yuzasidan ham fuqarolar murojaat qildi.
Ayrim murojaatlarda bir mahalladagi bir nechta masala bir vaqtning o‘zida ko‘tarildi. Masalan, ko‘chani asfaltlash bilan birga uni yoritish va bolalar o‘yin maydonchasi barpo etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Barcha murojaatlar tegishli soha mas’ullari ishtirokida bevosita qabul jarayonida ko‘rib chiqildi. Joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha choralar belgilandi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar esa mas’ullarga ijro uchun yo‘naltirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri