Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash, sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirish maqsadida davlat rahbarining “Tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2005 yil 14 iyundagi farmonida “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishga ko‘rsatma berilib, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari va ularning birlashmalari tomonidan hakamlik sudlarini tashkil etish belgilab berilgan.
Qisqa vaqt ichida mazkur farmon asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonuni 2006 yil 16 oktyabrda qabul qilinib, 2007 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining yangi bosqichi boshlandi. Hakamlik sudlari faoliyati rivojlangan davlatlarda fuqaro va xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi qarzdorlik nizolarining 80-85 foizi aynan hakamlik sudlarida ko‘rilib, hal etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunining asosiy maqsadi respublikamizda hakamlik sudlarini tashkil etish va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ayni paytda O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida filiallari, viloyatlarda esa vakolatxonalari hamda ularning huzurida 100 dan ortiq tuman (shahar) hakamlik sudlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Mamlakatimizda sud huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada to‘liqroq hamda samarali ta’minlash imkonini bermoqda.
Arbitaj, bu - nizolarni maxsus nodavlat sudlarida hal etish usuli hisoblanib, kun sayin ommalashib bormoqda. Mazkur institut Yevropada - Arbitraj sudi, Rossiyada - Treteyskiy sud, O‘zbekistonda esa Hakamlik sudi deb ataladi. U ixtiyoriy sudlov usuli bo‘lib, taraflar o‘rtasida kelib chiqqan nizolarni hakamlik tartibida ko‘rib chiqadi.
Hakamlik sudlari tomonidan nizolarni hal etish asrlar davomida shakllangan tajribalarga tayanadi. Aytish mumkinki, hakamlik sudlarining ixtiyoriylik, taraflarning teng huquqligi, hakamlik sudyalarining xolisligi, odilligi tamoyillariga og‘ishmay amal qilishi, o‘zaro hamkorlikni saqlab qolishga erishish, maxfiylik kabi prinsiplarga asoslangani sababli unga murojaat etuvchilar soni ortib borayapti. Shuningdek, hakamlik sudlari nizolarni iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan ko‘ra tezroq ko‘rib chiqadi. Unda faqat bitta bosqich nazarda tutilgan bo‘lib, boshqa sudlar kabi apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyalari mavjud emas.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori yakuniy xisoblanadi va qaror qabul qilingan kundan qonuniy kuchga kiradi. Iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas. Bunday nodavlat sudlarga to‘lanadigan hakamlik yig‘imi davlat bojiga nisbatan 50 foizga kamligi ham murojaat etuvchilar uchun qulaylik yaratadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori qonun asosida majburiy ijro bilan ta’minlangan. Faqat taraflardan biri hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishini so‘rab, iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat etishi mumkin. Biroq bunday hollarda ham vakolatli sudlarning hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishi yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agarda hakamlik sudi protsessual kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, xususan, taraflarning biri sudga chaqirilmagan, vakolatli bo‘lmagan masala bo‘yicha qaror chiqargan bo‘lsa, uning qarorlari bekor qilinishi mumkin. Shuni e’tiborga olish lozimki, hakamlik sudlari ijtimoiy, ma’muriy ishlarni, oila, mehnat huquqi munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni ko‘rib chiqmaydi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hakamlik bitimining tarafi bo‘la olmaydi.
Hakamlik sudi - fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarini hal etuvchi nodavlat organi. Hakamlik sudi nizolarni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari asosida hal qiladi. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlarini tashkil etish va faoliyatini tugatish, muvaqqat hakamlik sudlarini tashkil etish to‘g‘risidagi, shuningdek doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari haqidagi axborot “O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami”da e’lon qilinadi.
Hakamlik sudining iqtisodiy sudlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan farqli jihatlari quyidagilarda o‘z aksini topadi:
- hakamlik sudi tomonidan nafaqat iqtisodiy ishlar, balki fuqarolik ishlari ham ko‘rib chiqib, hal etiladi. (iqtisodiy sudlarida faqat yuridik shaxslarga oid iqtisodiy nizolari ko‘rilsa, fuqarolik sudlarida faqat fuqarolarga oid nizolar ko‘riladi);
- hakamlik sudida ishlar tezkorlik bilan hal etiladi.
- asosiy maqsad taraflarning kelishuviga yo‘naltiriladi hamda taraflar o‘rtasidagi hamkorlik saqlab qolinadi;
- hakamlik muhokamasining maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi;
- tomonlar jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi;
- hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi;
- iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hakamlik sudi tomonidan aniqlangan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas;
- hakamlik sudlari yig‘imi miqdori iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqilganda, to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat bojining yarmidan oshmaydi;
- hakamlik sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, uni tegishli tartibda majburiy ijroga qaratish qonun bilan kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonuni asosida 2009 yilning may oyida O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasi tashkil etilib, ayni vaqtda Assotsiatsiya tizimida Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahar filiallari va barcha viloyatlarda vakolatxonalar tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizning barcha tumanlarida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi 100 dan ortiq hakamlik sudlari tashkil etilgan. Bularda 400 dan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2010 yilning iyun oyida Assotsiatsiya huzurida Hakamlik sudlari Akademiyasi tashkil etilib, unda barcha hakamlik sudyalari va sudyalikka nomzodlar o‘z malakalarini oshirib kelishmoqda.
Hakamlik sudlarining afzalligi shundaki, unda xalqimizning ming yillar davomida shakllangan urf-odat va an’analari hisobga olingan. Ushbu nodavlat sudda ko‘riladigan ishlarning aksariyati taraflarning o‘zaro qabul qilgan kelishuv bitimini ixtiyoriy ravishda bajarish majburiyatini olishi, do‘stona munosabatlari, o‘zaro hamkorligi saqlanib qolishiga erishish bilan yakunlanadi. Bu - xalqimizga xos bag‘rikenglik, murosayu madoraning yuksak namunasidir.
A.Shakarov, O‘zbekiston Hakamlik sudlari
Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari,
1- Oliy Hakamlik sudyasi